2022 yil davomida Qozog‘istonning eng ko‘p sayyoh tashrif buyurgan 5 ta tabiat maskani ro‘yxati e’lon qilindi. Mamlakat madaniyat va sport ishlari vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili sayyohlar orasida eng mashhur joy Ile-Alatau milliy bog‘i bo‘ldi. Bu maskanga 628 ming sayyoh tashrif buyurgan.
Burabay milliy tabiat bog‘i esa 550 mingdan ortiq sayyohni qabul qilgan.
Ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallagan Ko‘lsay ko‘llariga borgan sayyohlar soni 190 ming nafardan oshgan.
Bayanaul milliy bog‘i (85 ming sayyoh) va Chorin kanoni (45 ming sayyoh) ro‘yxatda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinda qayd etilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yilda Qozog‘istonga 610 mingdan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurgan.
Yaqinda mamlakat madaniyat va sport ishlari vazirligi 2023-2029 yillarda turizm sohasini rivojlantirish kontseptsiyasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Unga ko‘ra, keyingi 6 yil ichida turizm sohasida bandlikni 800 ming kishiga, mahalliy sayyohlar sonini 11 million kishiga, chet ellik sayyohlar sonini esa 4 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan.