Qozog‘iston va O‘zbekiston bosh vazirlari Alixon Smailov va Abdulla Aripov Almatida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng hamkorlikning muhim masalalarini muhokama qildilar. Bu haqda “Kazinform” Qozog‘iston hukumatiga tayanib xabar berdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-tranzit va suv-energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va qishloq xo‘jaligida qo‘shma qadamlarni ishlab chiqish rejalarini ishlab chiqdilar.
Alixon Smailov respublikalar o‘rtasidagi mustahkam va ahil munosabat barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 30 foizga oshib, rejalashtirilgan 5 milliard dollarga yetdi.
“Bu bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mumkin bo‘ldi. Endilikda yuqori darajada qo‘yilgan vazifalarga muvofiq, o‘rta muddatli istiqbolda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarur”, – dedi Qozog‘iston bosh vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada o‘tgan yili imzolangan yo‘l xaritalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi, Qozog‘iston–O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining izchil faoliyati muhim ahamiyatga ega.
“Qozog‘iston hukumati o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faol muloqotga tayyor”, – dedi A.Smailov.
O‘z navbatida, Abdulla Aripov mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, ayniqsa, avtomobilsozlik sohasida ijobiy tajriba mavjudligini ta’kidladi. Neft-gaz, kimyo, energetika, metallurgiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
“Qishloq xo‘jaligi va transport-logistika, ayniqsa, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi yaqin hamkorlikni alohida ta’kidlash joiz. Biz mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni ham yuksak qadrlaymiz, bu bizga qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi”, – dedi A.Aripov.