Qozog‘iston va Turkiya hamkorligi “kengaytirilgan strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi

Qozog‘iston hamda Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar “kengaytirilgan strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Anqarada kechgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Turkiya prezidenti qarorgohida ikki davlat rahbari strategik sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbarlari, shuningdek, dolzarb global va mintaqaviy muammolar, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik bo‘yicha ham fikrlashdilar.

Q.To‘qayev Turkiyada ko‘rsatilgan hurmat va mehmondo‘stlik uchun prezident Erdo‘g‘onga minnatdorlik bildirib, turk tuprog‘iga qadam qo‘yganda o‘zini har doim o‘z uyidagidek his qilishi, Onado‘li ham ikkinchi vatan ekanini qayd etdi.

“Bugun Turkiya siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Mintaqaviy va global ahamiyatga molik muammolarni hal etishdagi faolligi, matonati bilan jahon miqyosida munosib o‘rin egalladi. Shu munosabat bilan, hurmatli Erdo‘g‘on janoblari, kuchli Turkiyani orzu qilgan siyosatchi sifatida sizga muvaffaqiyatlar tilayman. Turkiya Qozog‘istonning Yevroosiyo qit’asidagi eng muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mushtarak tarix va ma’naviy merosga asoslangan munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasida rivojlanib, ilgarilab bormoqda. Qozoq xalqining “Boylikdan ortiq do‘stlik bor, ammo do‘stlikdan ortiq boylik yo‘q” degan so‘zlari sizning chin do‘st, mehribon birodar ekanligingizdan dalolatdir”, – dedi prezident Q.To‘qayev.

Turkiya prezidenti ham ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga tayyorligini bildirdi va Qozog‘istonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatladi.

“Hamkorligimizni kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tardik. Turkiya va Qozog‘iston o‘zaro mustahkam rishtalarga, mushtarak tarix, til, diniy va madaniy qadriyatlarga ega qardosh davlatlardir. Biz Turkiya Qozog‘iston barqarorligi va tinchligiga alohida e’tibor qaratamiz. Men sizning yangi Qozog‘istonni yaratishdagi sa’y-harakatlaringiz va matonatingizni hurmat qilaman. Men sizning bu boradagi keng ko‘lamli islohotlaringizni qo‘llab-quvvatlayman”, – dedi prezident Erdo‘g‘on.

Muloqot chog‘ida qayta ishlash va qayta ishlash sanoati, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, transport-tranzit hamkorlikni mustahkamlash, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi salohiyatidan to‘liq foydalanish masalalari muhokama qilindi. Raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalar, turizm va ta’lim sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, Turkiya tomoniga Qozog‘istonda bazaviy texnik oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish taklif qilindi.

Muzokaralar yakunida prezidentlar kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar.

“Kazinform” agentligi xabariga ko‘ra,  Qozog‘iston prezidentining Turkiyaga tashrifi doirasida 14 ta hujjat imzolandi. Ular orasida  ommaviy axborot vositalari hamda axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, harbiy razvedka sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv bor.