Bugun, 17 may kuni Toshkentda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi tomonidan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda joriy yil 5 iyun kuni referendumga qo‘yiladigan Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga doir qonun loyihasi muhokama etildi.
Ilmiy mashvaratda elchixona xodimlari, olimlar, xalqaro tuzilmalar ekspertlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Darxon Satibaldi mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan ilgari surilgan konstitutsiyaviy-siyosiy islohotlar haqida batafsil so‘zlab berdi.
Gap shundaki, joriy yil 16 mart kuni Q.To‘qayev mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatida jiddiy siyosiy islohotlarni amalga oshirgan holda yangi Qozog‘iston barpo etilishini e’lon qildi.
“Qozog‘iston taraqqiyotining siyosiy modelini o‘zgartirish uchun barcha qadamlar qo‘yilishi kerak. Men superprezidentlik boshqaruv modelidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga butunlay o‘tish haqida gapiryapman. Bunday tizim hokimiyat institutlarining optimal muvozanatini ta’minlaydi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Bizning oldimizda parlament rolini kuchaytirish vazifasi turibdi. Bu “Xalq ovozini eshitadigan davlat” kontseptsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga zamin yaratadi. Kelajakda qanday davlat bo‘lishimizni aniq bilamiz. Biz yangi Qozog‘istonni fuqarolik jamiyatiga ega samarali davlatga aylantiramiz. Bu borada biz “Kuchli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat” tamoyiliga amal qilamiz” , – degan edi Q.To‘qayev.
Davra suhbatida ishtirok etgan olimlar hamda ekspertlar ham Qozog‘istonda demokratlashuv yo‘lidagi islohotlar, Konstitutsiyaga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlarga to‘xtaldilar.
“Bilim karvoni” ilmiy muassasasi rahbari, taniqli siyosatshunos Farhod Tolipov esa O‘zbekiston hamda Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi mavzusida ma’ruza qildi.
So‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, qozog‘istonliklarning 76,4 foizi referendum o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.