Qozog‘iston BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi bo‘ldi

Qozog‘iston Respublikasi Osiyo-Tinch okeani davlatlari orasidan BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi (2017-2018 yillar) etib saylandi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.

Ovoz berish jarayoni 28 iyun kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasida bo‘lib o‘tgan. Qozog‘iston nomzodini 193 davlatdan 138 tasi qo‘llab-quvvatlagan.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bor BMTning muhim siyosiy boshqaruv idorasiga muvaqqat a’zo bo‘lib kirmoqda.

Mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashidagi a’zolik muddati 2017 yil 1 yanvardan 2018 yil 31 dekabrga qadar davom etadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, BMT Xavfsizlik Kengashi 15 ta davlatdan tashkil topgan. Ularning 5 tasi (Rossiya, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Frantsiya) doimiy a’zolardir. Qolgan 10 ta a’zo esa har ikki yilda yangilanib turadi.

Qozog‘iston Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari guruhi vakili sifatida Malayziya o‘rniga muvaqqat a’zolikni davom ettiradi.

28 iyun kungi ovoz berish jarayonida, shuningdek, Boliviya, Efiopiya va Shvetsiya ham o‘z mintaqasidan muvaqqat a’zo etib saylandi. G‘arbiy Yevropa davlatlari guruhidan esa Italiya va Niderlandiya a’zolik uchun kurashmoqda.

2016 yilda Misr, Senegal, Ukraina va Yaponiya 2016-2017 yillar uchun a’zo etib saylangan.