Ayni paytda AQShda istiqomat qilayotgan arman haykaltaroshi Onik Kardash Qorabog‘da ro‘y bergan fojiali hodisalar haqida so‘zlab berdi. TRT Haber’ga intervyu bergan haykaltaroshga ko‘ra, birinchi Qorabog‘ urushi davrida ishg‘ol etilgan Shushada noinsoniy xatti-harakatlar sodir etilgan.
“Mening haydovchim Shusha shahridan edi. U bir gal menga 80 nafar ozarbayjonlikni boshini toshga urib o‘ldirgani haqida so‘zlab bergan edi. Men qanday qilib bunga qo‘l ura olding deb so‘radim. Haydovchi birinchi gal qiyin bo‘ladi, axir, odam osonlikcha jon taslim qilmaydi, deb javob berdi. Aytishicha, malaka hosil bo‘lgach, bir zarbdayoq o‘ldirishni o‘rganadi”, – deya og‘riqli hodisalarni eslagan Onik Kardash.
Haykaltarosh, shuningdek, mash’um urush davrida vafot etgan ozarbayjonliklarning jasadiga noinsoniy munosabatda bo‘lingani, qabrlar tahqirlangani haqida so‘zlagan.
“Shushada zina va pillapoyalar bor. Agar ozarbayjonliklar ularni ochib ko‘rsa, qarindoshlarining qabrtoshi ekaniga amin bo‘ladi. Men o‘shanda barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman”, – deb hikoya qiladi O.Kardash.
Haykaltarosh O.Kardash Qorabog‘ urushi davrida Rossiya o‘zaro kelishuvga ko‘ra Yerevanga qurol-aslaha va samolyotlar bilan ko‘mak berganini ham qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon salkam 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlari, jumladan, Shusha shahrini 2020 yili 44 kunlik urushda ozod qildi. Ayni paytda vayron bo‘lgan tarixiy obidalarni tiklash, infratuzilmani qayta barpo etish ishlari ketmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjonda 2022 yil “Shusha shahri yili” deb e’lon qilingan.