Joriy yil 23 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin katta matbuot anjumani o‘tkazdi. An’anaviy matbuot anjumanida 1400 dan oshiq jurnalist ishtirok etdi. Quyida Rossiya yetakchisi tomonidan bildirilgan muhim fikrlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Amerikadagi saylovga Rossiyaning “aralashuvi” xususida
“Qo‘shma Shtatlarning amaldagi ma’muriyati va Demokratik partiya rahbariyati o‘zlarining barcha muvaffaqiyatsizliklarini tashqi omillarga bog‘lamoqda… Shu munosabat bilan menda ayrim savollar tug‘ilmoqda. Bilamizki, Demokratik partiya nafaqat Prezident saylovi, Senat va Kongressga saylovda ham – ayni paytda har ikki palatada respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadi – mag‘lub bo‘ldi. Nima bu ham bizning ishimiz, mening ishimmi?”
Trampning g‘alabasi xususida
“Kim go‘ridan tikka turibdi – buni bilmadim. Menimcha, Reygan o‘z partiyasi vakili hamma yerda g‘alaba qozonayotganidan xursand bo‘lardi. Alalxusus, jamiyatning yalpi kayfiyatini ilg‘ay olgan holda saylovda yutib chiqqan prezidentning g‘alabasidan mamnuniyat tuyar edi. U ayni shu qoidaga ko‘ra ishladi. Oxirigacha bordi. Ammo uning g‘alaba qozonishiga sizu bizdan boshqa hech kim ishonmagani ham haqiqat”.
Kuch va agressiya xususida
“Nega AQShning amaldagi ma’muriyati rasmiylari biz eng kuchlimiz, biz eng qudratlimiz deya bayonot berib qoldi. Albatta, u yerda raketalar, suvosti kemalari, harbiy kemalar ko‘proq. Bu masalada bahslashmoqchi emasmiz. Ammo biz istalgan agressordan kuchli ekanimizni ham eslatib qo‘ymoqchimiz”.
Ukraina bilan munosabatlar xususida
“Ertami-kechmi Ukraina bilan munosabatlarimiz izga tushishiga ishonchim komil. Bu kelgusida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, negaki, bu vaziyat taqozosidir”.
Islom va terrorizm xususida
Men islom va terror tushunchalarini yonma-yon qo‘llamaslikni afzal bilaman.
Rossiyaliklarning daromadi xususida
Bizda aholining real daromadlarida kamaydi, bu yaxshi emas, albatta… Ammo bu jabhada ayrim ijobiy holatlar ham kuzatilmoqda: so‘nggi oylarda real iqtisodiy sektorda ish haqi oz bo‘lsa-da ko‘tarilmoqda”.
Banklarni yopish xususida
“Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki Rossiya moliyaviy tizimini sog‘lomlashtirish yo‘lida xatoga yo‘l qo‘ymoqda degan fikrdagi odam yo‘q. Bundaylar bo‘lishi mumkin emas. Negaki, bu avvalo omonatchilarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlardir. Moliya bozorimizda chinakam moliya muassasasi emas, balki pul yuvish bilan shug‘ullanuvchi “kirxona”lar paydo bo‘lishi yaxshilik alomati emas. Bundan eng ko‘p omonatchilar aziyat chekadi”.
Canktsiyalarni bekor qilish xususida
Garchi Rossiyadagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar ro‘yxushlik bermayotgan bo‘lsa-da, barcha sanktsiyalarni bajonidil bekor qilishimiz mumkin, buning uchun hamkorlarimiz, jumladan, yevropalik hamkorlarimiz Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni bekor qilishi kerak”.
Neft narxi xususida
“Narx-navo qanday bo‘ladi? Bu borada hech kim aniq gap ayta olmasa kerak. Bu juda ko‘plab mavhum omillarga bog‘liq bo‘lgan murakkab savol va oldindan bir narsa deyish qiyin. Energiya vazirligi o‘z taxminlarini ilgari surdi. 2017 yilning ikkinchi yarmida neft bozorida mo‘l-ko‘lchilik yo‘qoladi va neft narxi barqarorlashadi, deb hisoblaymiz”.
Aleksey Ulyukayevning aybi xususida
“Men Aleksey Ulyukayev bilan suhbatlashganim yo‘q. Tezkor xizmatlar tomonidan taqdim etilgan materiallar ishonchni yo‘qotgani munosabati bilan uni lavozimidan ozod etishga yetarli edi. Qolgani yakunda ma’lum bo‘ladi – biz sud hukmiga qaraymiz. Unga qadar biror xulosa yasash to‘g‘ri emas, hatto zararlidir”.
Prezident saylovida ishtirok xususida
“Vaqt yetiladi, mamlakatda va dunyoda nimalar ro‘y berayotganiga qarayman. Nimalarni amalga oshirganimiz, nimalarni amalga oshirishimiz mumkinligi va nimalarni amalga oshirishiz zarurligiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovida qatnashishim yoki qatnashmasligim borasida qaror qabul qilaman”.
Cobir Salim