Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sodiqov shu yilning 6 avgust sanasida 80 yoshida olamdan o‘tdi.
Sanjar Sodiqov 1940 yil 21 iyul kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Poytaxtdagi ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlagach Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. 1965 yildan to umrining so‘nggiga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon tillari universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlarida yoshlarga ta’lim bergan.
Olimning “Olamni yashnatuvchilar” (1977); “Abdulla Qahhor ijodi va adabiy tanqid” (1996); “So‘z san’ati jozibasi” (1996); “Novaya uzbekskaya literatura Uchebnik dlya studentov fakultetov filologii i jurnalistiki vыsshix uchebnыx zavedeniy s obucheniyem na russkom yazыke” (2003); “Ijodning o‘ttiz lahzasi” (2005); “Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi” (2006); “Mo‘jizalar mo‘jizasi (Ozod Sharafiddinov portretiga chizgilar)” (2006); “Roman va tanqid” (2008); “Radiojurnalistika asoslari. Audiovizual jurnalistika” (2010); “Haqiqat va adolat quyoshi” (2011); “Mamlakatshunoslik asoslari” (2012); “Yangicha talqin mevalari” (2013); “Mahorat cho‘qqilari (O‘tkir Hoshimov ijodi haqida)” (2013); “Jadid adabiyotining qaldirg‘ochlari (Behbudiy, Avloniy va Hamza portretiga chizgilar)” (2013); “Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi” (2019) kabi ilmiy adabiyotlari va o‘quv qo‘llanmalari dunyo yuzini ko‘rdi.
U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlangan. Sanjar Sodiqov hayotining oxirgi ikki yilida tarjima sohasiga ham qo‘l urib, jahon adabiyotida o‘ziga xos hodisa hisoblangan yozuvchi Boris Pasternakning “Doktor Jivago” (2018), Ivan Buninning “Arsenev hayoti” (2020) nomli romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib kitobxonlar e’tiboriga havola qildi.