Joriy yil 10 fevral kuni Qozog‘iston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida o‘zbekistonlik ikki olimni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning farmoni bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti bo‘lim mudiri o‘rinbosari, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarov hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Alisher Sobirov “Qazaqstan xalqы assambleyasыna 20 jыl” (Qozog‘iston xalq assambleyasiga 20 yil) yubiley medali bilan taqdirlandi.
Mazkur davlat mukofoti Qozog‘iston rahbarining 2015 yil 23 yanvardagi farmoni bilan ta’sis etilgan bo‘lib, u mamlakatda totuvlikni mustahkamlash, xalq jipsligini ta’minlashdagi xizmati uchun Qozog‘iston va xorijiy davlatlar fuqarolariga beriladi.
1995 yilning 1 martida tashkil etilgan Qozog‘iston xalq assambleyasi mamlakat Prezidenti huzuridagi maslahat organi sanaladi. Qozog‘iston Prezidenti bir paytda Assambleya raisi hamdir. Davlatning milliy siyosatini amalga tatbiq etish, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, millatlararo ahillikni mustahkamlash hamda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi munosabatlar samaradorligini oshirish Xalq assambleyasining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
2015 yilda Qozog‘iston xalq assambleyaning 20 yilligi nishonlandi.