2015 yil davomida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro loyiha doirasida O‘zbekiston ichki ishlar tizimida faoliyat olib borayotgan 80 nafar xodim malaka oshirdi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar beradi.
Joriy yilda Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TİKA) va Turkiya Respublikasi Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida Toshkent shahrida O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari uchun 3 ta o‘quv kursi tashkil etildi.
Xalqaro loyiha doirasida Turkiya Respublikasi Ichki ishlar bosh boshqarmasining 10 nafar tajribali xodimi sayohat va harakatlanish hujjatlarini soxtalashtirish, terroristik tashkilotlarga qarshi kurash, ommaviy tadbirlar chog‘i xavfsizlikni ta’minlash kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
Bir haftadan davom etgan o‘quv kurslari davomida ikki mamlakat ichki ishlar idoralari o‘zaro tajriba almashgan. Shu bilan birga, sohaga doir istiloh va iboralarni qo‘llash borasida ham amaliy treninglar uyushtirilgan.
Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TİKA) 2011 yildan beri O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro loyihani amalga oshirib kelmoqda. Hozirga qadar loyiha doirasida 20 dan ortiq o‘quv kursi tashkil etilgan bo‘lib, ularda 500 dan ortiq ichki ishlar xodimi malaka oshirgan.
Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasining asosiy faoliyati rivojlanayotgan mamlakatlarga texnik ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Tashkilot jahonning 20 mamlakatida muvofiqlashtiruvchi ofisga ega bo‘lib, 100 dan oshiq davlatda faoliyat yuritadi.
TİKA O‘zbekistonda 1992 yildan beri savdo-iqtisodiyot, texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohadagi loyihalarga ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur muassasa 1993-2009 yillar davomida O‘zbekistonda 10 million dollarlik loyihalarni moliyalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi rahbari Serdar Cham boshchiligidagi delegatsiya 2014 yil oktyabrda yurtimizga tashrif buyurgan. Delegatsiyaning tashrifi doirasida Gematologiya va qon quyish ilmiy tadqiqot institutida tashkilot ko‘magida tashkil etilgan Suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiya markazi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Turk tili xonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.
Sobir Salim