O‘zbekistonlik 110 nafar frantsuz tili o‘qituvchisi yozgi maktabda malaka oshirdi

O‘zbekistonning turli viloyatlarida faoliyat yurituvchi 110 nafar frantsuz tili o‘qituvchisi va metodistlari 14-17 iyun kunlari yozgi maktabda malaka oshirdi.

Yozgi maktab loyihasi ilk bor Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etildi.  Parijdagi Frantsiya instituti ko‘magida amalga oshirilgan loyiha 20 soatlik mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.  

Darslarni Bezansondagi Amaliy tilshunoslik markazi (CLA), Pedagogik tadqiqotlar xalqaro markazi (CIEP), “FormationsFle” agentligi va “Les passeurs de mots” nodavlat ta’lim tashkilotidan tashrif buyurgan 6 nafar frantsuz tili mutaxassisi olib bordi.

“Ko‘p darslar Bo‘ston sanatoriysi bog‘ida, ochiq havoda o‘tkazildi. Hafta o‘rtasida shivalab o‘tgan yomg‘ir ham o‘qituvchilarning yaxshi kayfiyatiga ta’sir eta olmadi. 16 iyun kuni kechqurun seminar ishtirokchilari o‘z trenerlari bilan birgalikda yozgi maktabning yopilish marosimiga atab ajoyib chiqishlar tayyorladi”, – deb xabar beradi Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.

Yozgi maktabning yopilish marosimida Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchisi Jak-Anri Els, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurahim Nosirov va O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti rektori Shuhrat Qayumov qatnashdi.

Tashkilotchilar 2017 yilda ham yozgi maktab tashkil etilishi haqida xabar bergan.

Frantsuz tili dunyo tillaridan biri sanaladi. O‘zbekistonda ham mazkur tilni o‘rganishga ishtiyoqmandlar ko‘plab topiladi.