O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 24 sentyabr payshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2015 yil 24 sentyabr mamlakatimizda dam olish kuni deb belgilandi.
Qarorda Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa barcha mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirilishi belgilandi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etildi.
Saudiya Arabistoni Oliy mahkamasi ham 1436 yil Zulhijja oyining o‘ninchi kuni 24 sentyabrga to‘g‘ri kelishini e’lon qildi. Hojilarning Arafot vodiysida turishlari 23 sentyabrga, Qurbon hayitining birinchi kuni esa 24 sentyabrga to‘g‘ri keladi.