O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni Toshkentga amaliy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti va xalqini mazkur mamlakat mustaqilligining 25 yilligi bilan tabrikladi. U O‘zbekiston–Qozog‘iston o‘rtasidagi ishonchli va mazmundor aloqalar har ikki mamlakat va qardosh xalqlarning uzoq muddatli manfaatlariga muvofiq kelishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat yaqin qo‘shni va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar sifatida bir-biri va butun Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, barqaror iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashdan birdek manfaatdor ekani qayd etildi.

Qozog‘istonning 2017−2018 yillarda BMT Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zoligiga saylangani Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarining global miqyosda qo‘llab-quvvatlanishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shavkat Mirziyoyev va Erlan Idrisov O‘zbekiston–Qozog‘iston kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar, eng avvalo savdo-iqtisodiy, investitsion va transport-kommunikatsiya sohalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. 2016 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,079 milliard AQSh dollaridan oshgani e’tiborga olinib, mazkur sohada munosabatlarni kengaytirish, mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solish lozimligi qayd etildi.

Shu kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov ham qabul qildi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat hamkorligi 1998 yil 31 oktyabrdagi Abadiy do‘stlik va 2013 yil 14 iyundagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi davlatlararo shartnomalar asosida yanada mustahkamlanmoqda.

Shu mavzudagi maqola:

Erik Utembayev: “O‘zbekiston Qozog‘iston tashqi siyosatida muhim o‘rin egallaydi”. 10.12.2016