O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ilg‘or xorij usullarini qo‘llash istiqboli muhokama etildi

Joriy yil 11-12 noyabr kunlari Toshkentda “O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida elektron ta’limning ilg‘or xorijiy tajribalarini qo‘llash istiqbollari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘tgan tadbir mamlakat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Erasmus+ milliy ofisi tomonidan tashkil etildi.

So‘nggi yillarda xalqaro kompyuter tarmog‘i taraqqiy etishi bilan elektron ta’limning (E-learning) ahamiyati oshib bormoqda. Elektron ta’lim – axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga tayangan bilim olish jarayonini anglatuvchi keng tushunchadir. Mazkur usul ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, jamiyat ma’rifiy darajasini ko‘tarishga xizmat qiladi. Shu bois O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ham elektron ta’lim usullaridan foydalanish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Texnik yordam dasturlari (TAM) doirasida uyushtirilgan seminarda ham ayni shu masala muhokama markazida bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilarga Yevropa oliy ta’lim tizimida muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelayotgan tajriba va metodlar, “Blended learning”, MOOC kabi dasturlarning afzalligi xususida so‘z bordi. Shu bilan birga, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida mazkur tajribadan foydalanish istiqbollari tahlil etildi. Ikki kunlik seminar davomida Erasmus+ dasturi doirasidagi yangi loyihalar ham muhokama etildi.

Seminar yakunida yangi xalqaro loyihalarda qatnashish va hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Texnik yordam dasturlari (TAM) oliy ta’lim sohasi bo‘yicha ekspertlar milliy guruhi (HEREs) faoliyatining bir qismi bo‘lib, u Barselona universiteti qoshidagi Oliy ta’lim sohasi bo‘yicha ekspertlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish guruhi (SPHERE) va Yevropa Universitetlar assotsiatsiyasidan (EUA) tashkil topgan konsortsium tomonidan boshqariladi.

Shu mavzudagi maqola:

Yuriy Shterk: “Evropa Ittifoqi ta’lim bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istagida”. 12.12.2015