Ozarboyjonda zamonaviy davlatchilikning 99 yilligi bayram qilinmoqda

28 may Ozarboyjonda zamonaviy davlatchilik bayrami sifatida tantana qilinmoqda. Shu kuni Prezident Ilhom Aliyev Ozarboyjon Demokratik Respublikasi yodgorligiga gulchambar qo‘ydi. Yodgorlik oldida faxriy qorovul saf tortdi.

Shuningdek, davlat rahbari bayram munosabati bilan tashkil etilgan rasmiy qabul marosimida qatnashib ma’ruza qilgan.

28 may Ozarboyjon tarixidagi shonli sanalardan biri sanaladi.

Mamlakat ziyolilari XX asrning 20-yillarida Rusiya imperiyasida kuchayib borayotgan demokratik o‘zgarishlar va fuqarolik huquqlari uchun kurashda faol ishtirok etdi. 1918 yil 28 mayda Mamed Emin Rasulzoda boshchiligidagi Ozarboyjon Milliy Kengashi Ozarboyjon Demokratik Respublikasi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu tarixiy voqea Tbilisi shahrida ro‘y berdi. Mamlakat poytaxti Boku arman guruhlari va bolsheviklar nazorati ostida ekani bois yangi davlatning muvaqqat poytaxti sifatida Ganja shahri tanlandi. 1918 yil 16 iyunda Ozarboyjon hukumati Tbilisidan Ganjaga ko‘chib o‘tdi.

Shu tariqa bundan 99 yil muqaddam musulmon Sharqida birinchi dunyoviy davlat vujudga keldi. Bu Ozarboyjon davlatchiligining qayta tiklanish kuni edi. Zero, mamlakat asrlar davomida Eron, so‘ngra Rusiya imperiyasi boshqaruvida bo‘lgan.

Ozarboyjon Demokratik Respublikasining Vazirlar Mahkamasini Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, Davlat Dumasi sobiq deputati Fatali Xon Iskandar o‘g‘li boshqardi.

Ammo yosh davlat oldidagi og‘ir sinovlar turar edi.

1918 yil 12 iyunda bolsheviklarning Boku kengashiga qarashli qurolli kuchlari Ganjaga hujum boshladi. Ozarboyjon hukumati  harbiy yordam so‘rab Turkiyaga murojaat qiladi. Birlashgan turk-ozarboyjon qo‘shini qizil armiyani tor-mor etadi. 1918 yil 15 sentyabrda turk-ozarboyjon armiyasi Bokuga kiradi. Shahar respublika poytaxti deb e’lon qilinadi.

1918 yil 7 dekabrda 97 a’zodan iborat Ozarboyjon Demokratik Respublikasi parlamenti ish boshladi. 1920 yil 11 yanvarda Birinchi jahon urushining g‘oliblari bo‘lgan ittifoqchi davlatlar kengashi bir ovozdan Ozarboyjon mustaqilligini tan oladi.

Tobora kuchga to‘layotgan qizil imperiya yosh demokratik davlatni mahv etish uchun payt poylayotgan edi. 1920 yil aprelda qizil armiya bo‘linmalari Ozarboyjonga bostirib kirdi. 28 aprel kuni poytaxt Boku ham qo‘ldan ketdi.

Demokratik Respublika bor-yo‘g‘i 23 oy yashagan bo‘lsa-da, butun dunyoga Ozarboyjon xalqining erkka, hurlikka tashnaligini namoyon etdi. Sovet Ittifoqi parchalangach, 1991 yilda Ozarboyjon o‘z mustaqilligini qayta e’lon qildi. Zamonaviy Ozarboyjon rahbariyati 1918 yilda ta’sis etilgan Demokratik Respublikaning davlat ramzlarini qayta tikladi.

28 may sanasi bugun ham mamlakatning ozodlik bayrami sifatida keng nishonlanadi.

S.Salim