Ozarboyjon askarining jasadi vataniga qachon qaytariladi?

Evropa Kengashi Bosh kotibi Turbyorn Yaglandning Armaniston bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan Ozarboyjon harbiy xizmatchisi jasadini vataniga qaytarish lozimligi haqida fikrini tanqid qilish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Ozarboyjon Milliy Majlisi deputati Ravshan Rizayev Trend agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, 2016 yil 29 dekabr kuni Armaniston Qurolli kuchlari razvedka guruhi Armaniston-Ozarboyjon davlat chegarasini buzib, navbatdagi diversiyani amalga oshirgan. Dushman hujumini qaytarish chog‘i Ozarboyjon Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi Gurbanov Chingiz Salmon o‘g‘li halok bo‘lgan. Shu munosabat bilan Yevropa Kengashi Bosh kotibi Turbyorn Yagland Armaniston tomonini harbiy xizmatchi jasadini vataniga qaytarishga da’vat etgan edi.

Armaniston parlamentining Yevropaga integratsiya bo‘yicha komissiyasi raisi Naira Zograbyan esa Yevropa Kengashi Bosh kotibi nuqtai nazarini tanqidiy baholagan.

O‘z navbatida, Ozarboyjon parlamenti deputati Ravshan Rizayev armanistonlik hamkasbining fikrlari odamiylikka to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.

“Xalqaro huquq tamoyillariga qarshi chiqayotgan Armaniston vakili Yevropa Kengashi Bosh kotibi talablari va umuman, xalqaro gumanitar huquq va konventsiyalarga muvofiq fikr bildirishi amrimahol, albatta. Ular hamisha shunday nuqtai nazarni yoqlaydi. Yevropa Kengashi parlament assambleyasidagi Armaniston delegatsiyasining faoliyati bosqinchilik siyosatining davomi sanaladi. Ular o‘z bosqinchilik siyosatini, jumladan, Ozarboyjon xalqiga qarshi ko‘p marotaba sodir etilgan Xo‘jali genotsidi va boshqa qon to‘kishlarni xaspo‘shlash uchun xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishga urinmoqda”, – degan Ozarboyjon Milliy Majlisi deputati Ravshan Rizayev.

Qayd etilishicha, Yevropa Kengashi parlament assambleyasining Tog‘li Qorabog‘ ziddiyati bo‘yicha qo‘mitasi ham rasmiy Yerevan tufayli ishlamayotir.

Ta’kidlash joizki, Ozarboyjon tomoni o‘zaro ziddiyatda halok bo‘lgan harbiy Chingiz Gurbanov jasadini vataniga qaytarish borasida Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi hamda YeXHT Minsk guruhiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Ammo hozircha bu boradagi urinishlar samara bermayotir.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

Sobir Salim