Ozarboyjon kino ijodkorlari suratga olgan “Dars” (Dərs) badiiy filmi Rossiyada o‘tkazilgan “Kinoshok-2016” MDH, Latviya, Litva va Estoniya mamlakatlari XXV kino festivalida “KinoMalыShok” yo‘nalishida eng yaxshi kartina deb topildi. Bu haqda Trend agentligi Ozarboyjon Madaniyat va turizm vazirligiga tayanib xabar beradi.
“Kinoshok-2016” xalqaro festivali an’anaga ko‘ra Rossiyada joriy yil 3-10 sentyabr kunlari o‘tkazildi.
Festival doirasida “Dars” filmi Rossiyaning bir qator shaharlarida namoyish etildi. Mazkur film 2015 yilda Ozarboyjon Madaniyat va turizm vazirligi buyurtmasiga ko‘ra Ja’far Jabborli nomidagi “Ozarboyjonfilm” kinostudiyasida suratga olingan. Kartina maktab o‘quvchilari hayotidan hikoya qiladi.
Film stsenariysi muallifi Elza Agayeva va Anastasiya Volkova, postanovkachi rejissyorlar esa Rafiq Aliyev va Javid Tavakkul. Kartinada Tamerlan Agayev, Aliya Aliyeva, Rashid Aliyev, Ayna Zarbaliyeva kabi yosh aktyorlar rol ijro etgan.
“Film s’yomkasida 24 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ularni Bokudagi 200 dan ziyod maktab o‘quvchilari orasidan saralab oldik. Bolalar bilan bir necha oy davomida aktyorlik mahorati bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdik”, – degan Ozarboyjon xalq artisti, film rejissyori Rafiq Aliyev.
Stsenariy ijodkori Javid Tavakkul esa film axloqiy qadriyatlar, do‘stlik, mehr-oqibat kabi mavzularga bag‘ishlanganini qayd etgan.
Keyingi yillarda Ozarboyjon kinematografchilari suratga olgan kartinalar xalqaro festivallarda sovrinli o‘rinlarni olmoqda. Masalan, “40-eshik” filmi Xyustonda o‘tgan 42-xalqaro kinofestivalda “Gold Remi Award Foreign” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Ozarboyjonda kino paydo bo‘lganidan buyon mazkur mamlakat ijodkorlari tomonidan 240 dan ziyod to‘liq metrajli, 50 dan oshiq qisqa metrajli badiiy filmlar, shuningdek, 1200 dan oshiq hujjatli hamda 100 ga yaqin multiplikatsion filmlar suratga olingan.