27 sentyabr kuni Ozarbayjonda mamlakat hududiy yaxlitligi va suvereniteti, vatan tuproqlarini himoya qilish yo‘lida shahid ketgan harbiy xizmatchilar yodga olindi. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning 2020 yil 2 dekabrdagi farmoyishiga binoan mazkur sana Xotira kuni deb e’lon qilingan.
“44 kunlik Vatan urushi – bizning shonli tariximiz. Barcha kuchlarni safarbar etgan va yagona mushtga aylangan Ozarbayjon xalqi dushmanni ona tuproqlaridan haydadi. Butun Ozarbayjon xalqi birlik va iroda namunasini ko‘rsatdi”, – dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 27 sentyabr kuni Fuzuliy tumanidagi chiqishida.
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi shu munosabat bilan tarqatgan bayonotda bundan ikki yil avval 44 kunlik Vatan urushi davomida mamlakat Qurolli kuchlari ishg‘ol ostidagi hududlarni ozod qilib, hududiy yaxlitlikni tiklagani, xalqaro adolatni barqaror etgani ta’kidlanadi.
“So‘nggi ikki yil davomida Ozarbayjon ozod etilgan hududlarni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda, jumladan, yirik infrastruktura loyihalari ro‘yobga chiqarilmoqda. Ushbu zaminda hayotni qayta tiklash, tug‘ilgan makonidan majburan ko‘chib ketgan bir millionga yaqin aholini xavfsiz qaytarishga qaratilgan maqsadli choralar ko‘rilmoqda. 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bitimga ko‘ra Ozarbayjon mintaqada tinchlik va barqarorlikka erishish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiradi”, – deyiladi bayonotda.
Rasmiy Boku yana bir karra Yerevanni tinchlik yo‘lidagi bitim borasida amaliy harakatga undagan.
Xotira kuni munosabati bilan Ozarbayjon bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da bir daqiqa sukut saqlanib, qahramonlar yodga olindi, ular haqiga Qur’on tilovat qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon qurolli kuchlari 2020 yil 27 sentyabr kuni boshlagan 44 kunlik muhoraba yakunida Qorabog‘dagi xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni o‘z tasarrufiga qaytargan.