13 sentyabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon hamda Armaniston chegarasida otishmalar ro‘y bergani haqida xabar tarqaldi. Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan bayonot berdi.
“12 sentyabr tunida Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon–Armaniston davlat chegaralarining Dashkesan, Kelbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyalarni sodir etdi”, – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Armaniston QK qo‘poruvchi guruhlari Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari hududi va ta’minot yo‘llarida minalashni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Dashkesan, Kelbajar va Lochin tumanlarida Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalariga turli qurol-aslaha, jumladan, minomyotlardan shiddatli o‘q yog‘dirilgan. Oqibatda harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar qayd etilgan, harbiy infrastrukturaga zarar yetkazilgan.
“Armaniston qurolli kuchlari tomonidan sodir etilgan provokatsiyalar, mamlakatimiz suvereniteti va hududiga harbiy tahdidlarning oldini olish, harbiy xizmatchilarimiz, jumladan, Kelbajar va Lochin tumanlari hududidagi infrastruktura ishlariga jalb tilgan fuqaroviy ishchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida harbiy ziddiyat ko‘lamining kengayishiga yo‘l qo‘yilmadi va Armaniston qurolli kuchlari o‘t ochish nuqtalari bartaraf etildi. Ushbu yo‘nalishda safarbar qilingan Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari tomonidan qat’iy javob choralari ko‘rildi”, – deyiladi rasmiy Boku bayonotida.
Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon tomonidan fuqarolar yashaydigan hududga zarba berilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va bu dezinformatsiya sanaladi.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston QKning so‘nggi xatti-harakatlari xaqaro huquq me’yorlari va uch tomonlama bitim shartlariga ziddir. Ozarbayjon TIV mamlakat hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdidlarga qat’iy javob berilishini ta’kidlagan.
Ozarbayjon mudofaa vazirligi tomonidan holat yuzasidan tarqatilgan bayonotda ham harbiy avantyura va revanshizm siyosati tanqid qilingan.