Ozarbayjon chegarada ro‘y bergan harbiy provokatsiyani qat’iy ravishda qoraladi

16 noyabr kuni Armaniston tomonidan sodir etilgan provokatsiya oqibatida Ozarbayjonning 7 nafar askari halok bo‘ldi, 10 nafari jarohatlandi. Bu haqda Ozarbayjon mudofaa vazirligi ma’lum qildi. 

Provokatsiya xarakteridagi harbiy harakatlar oqibatida Umid Niftaliyev, O‘rxon Jabborov, Natig Yusuf Aliyev, Elchin Og‘ayev, Elmin Samir Alizoda, Elchin Ramil Aliyev, Murod G‘olib Xalilov kabi harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan. Mudofaa vazirligi shahidlarni Alloh rahmatiga olishini tilagan.

Qayd etilishicha, Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalariga artilleriya qurollarini ishga solgan holda hujum uyushtirilgan.

“Ozarbayjon–Armaniston davlat chegarasidagi vaziyat 16 noyabr oqshomida barqarorlashdi. Armaniston tomonidan sodir etilgan  provokatsiya va harbiy avantyurizm muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari vaziyatni nazorat qilmoqda. Ozarbayjon Respublikasi Qurolli kuchlari mamlakatimizning suveren hududlarida xizmatni davom ettirmoqda”, – deyiladi mudofaa vazirligi bayonotida.

Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi ham holat yuzasidan bayonot bergan.

“Biz Armaniston tomoni qasoskorlik pozitsiyasidan turib amalga oshirgan harbiy provokatsiyani qat’iy ravishda qoralaymiz. Mintaqada vaziyatning beqarorlashuvi va uch tomonlama bitim ijrosi yo‘lida yuzaga kelgan to‘siqlar uchun javobgarlik bevosita Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasida. Ozarbayjon Respublikasining xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra tan olingan chegaralari doirasida, hududiy yaxlitlikka qaratilgan har qanday tahdid va harbiy provokatsiyalarga kelgusida ham munosib javob beriladi”, – deyiladi TIV munosabatida.

Chegaradagi holatga munosabat bildirgan Kreml vakili Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama kelishuvga rioya etish lozimligini qayd etgan.

“Biz vaziyatni barqarorlashtirishning yagona yo‘li uch tomonlama kelishuvlarga rioya etish deb bilamiz va barcha tomonlar zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishi lozim deb hisoblaymiz. Bu esa bu kabi hodisalarning takrorlanmasligi kafolatidir”, – deydi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi. 8 noyabr Ozarbayjonda G‘alaba kuni o‘laroq belgilandi.

S.Salim