Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 3 iyul, juma kuni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi kutubxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida shahar qoziyati, Bishkek Universiteti vakillari hamda turli millatdagi muxlislar ishtirok etdi.
Hozirda asosan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblari va boshqa diniy adabiyotlardan tashqari turli o‘quv qo‘llanmalari, bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar, yuridik kitoblar, o‘zbek, qirg‘iz, rus hamda g‘arb mumtoz adabiyoti asarlarini topish mumkin.
Kutubxona xodimlari hozirda o‘zlarida Shayx hazratlari ijodiga mansub 70-80 foiz kitoblar borligini va kelajakda ularni yanada ko‘paytirish niyatida ekanliklarini, madaniy markaz sifatida kishilarga ilm ulashish maqsadlari borligini ma’lum qilishdi.