OPEK: «Qora oltin» saltanati

Dunyoning barcha yirik savdo birjalarida so‘nggi vaqtda neft narxining muntazam oshib borayotgani kuzatilyapti. «Qora oltin» sifatida qadrlanadigan mineral resurs narxining bu tariqa ko‘tarilib borayotganiga jiddiy omillar ta’sir ko‘rsatyapti, albatta.

Eng qimmatbaho sanoat xomashyosi sanalgan «suyuq oltin» zahiralarining sayyoramiz miqyosida kamayib borayotgani… Iroqda AQSh boshchiligida ittifoqchilar tomonidan olib borilgan harbiy operatsiyalar oqibatida dunyoning asosiy neft yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lgan mamlakat iqtisodining izdan chiqishi…

Neft eskport qiluvchi davlatlar tashkiloti — OPEK a’zolari tomonidan «qora oltin»ning yuqori narxini saqlab qolish maqsadida olib borilayotgan iqtisodiy siyosat… Xullas, bu kabi omillardan yana qanchasini keltirish mumkin. Bizningcha, bu borada OPEK omili hal qiluvchi o‘rin tutadi. Birlamchi sabab shuki, ushbu xalqaro tashkilot sayyoramiz miqyosidagi neft zahiralarining deyarli to‘rtdan uch qismiga egalik qiladi va, tabiiyki, jahon «qora oltin» bozori ham mazkur birlashma nazoratida. Shu bois, e’tiboringizni ayni uchinchi omilga qaratmoqchimiz.

Katta yo‘l boshida

OPEK (Organization of Petroleum Exporting Countriyes) — Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti 1960 yilda Bag‘dodda Eron, Saudiya Arabistoni, Iroq, Kuvayt hamda Venesuela tomonidan tuzilgan. Tashkilot qarorgohi ayni paytda Avstriya poytaxti Venada joylashgan.

Birlashmaning boshqaruv organi sanalgan konferentsiya yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Ushbu yig‘inlarda tashkilot boshqaruvi va jahon neft bozoriga daxldor muhim masalalar muhokama qilinadi.

OPEKni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon neft bozorida «qora oltin» narxini bir maromda saqlash, a’zo davlatlarning neft sohasidagi siyosatini muvofiqlashtirish va ular manfaatini himoya qilishdan iborat edi.

Birlashmaga ilk davrda besh davlat kirgan bo‘lsada, oradan ko‘p o‘tmay, tashkilot tarkibi Qatar (1961), Indoneziya va Liviya (1962), Birlashgan Arab Amirliklari — BAA (1967), Jazoir (1969), Nigeriya (1971) kabi mamlakatlar hisobiga kengaydi. Dastlab OPEK tarkibiga kirgan Ekvador (1973) va Gabon (1975) davlati esa 1992-94 yillarda tashkilotdan chiqib ketdi.

Ulkan tabiiy manbalarga ega bo‘lgan 11 davlatni yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan OPEK o‘tgan yarim asrga yaqin vaqt ichida dunyoning eng nufuzli va obro‘li xalqaro birlashmalari qatoriga kirdi. Dunyo OPEK bilan hisoblasha boshladi. Buning sababi oddiy. Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti a’zolari jahon «qora oltin» zahirasining deyarli 80 foiziga egalik qiladi.

2001 yil ma’lumotiga qaraganda, dunyo neft zahirasi 1 trillion 74 milliard 850 million barrelni tashkil etadi. Bu boylikning 845 milliard 421 million barreli yoki 78,7 foizi OPEK a’zolariga tegishli (Izoh: barrel — butun dunyoda neft o‘lchov birligi sifatida tan olingan. 1 barrel 159 litrga to‘g‘ri keladi).

Xalqaro bozorga nazar

OPEK davlatlari orasida Saudiya Arabistoni yetakchi mavqe egallaydi. Dunyo neft zahirasining chorak qismiga egalik qiluvchi bu davlat birgina «qora oltin» eksportidan yiliga o‘rtacha 35-36 milliard dollar daromad oladi. Sayyoramiz miqyosidagi kunlik neftni qayta ishlash ko‘rsatkichi bo‘yicha ham qirollik yetakchi o‘rinda turadi. Saudiyada kuniga o‘rtacha 7,5-8 million barrel «qora oltin» qayta ishlanadi.

1970-yillar oxirida Eronda, 1990 yilda Kuvaytda Iroq ishtirokida bo‘lib o‘tgan ixtiloflar paytida jahon neft bozorida sarosima va tahlikali bir vaziyat yuzaga keldi. Bu holatni ko‘pchilik kuzatuvchilar «neft inqirozi» deb atashdi. Dunyoning asosiy neft eksportchilari sanalgan davlatlardagi inqiroz davrida Saudiya Arabistoni yana katta sahnaga chiqdi va jahon «qora oltin» bozorini zarur xomashyo va mahsulot bilan ta’minlab turdi.

Umuman, ichki yalpi mahsulotning deyarli yarmi neft va neft mahsulotlari eksportiga tayangan qirollikda ushbu sanoat tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Qirollikning neft sohasidagi siyosati xomashyo narxini OPEK a’zolari belgilagan o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz arzonroq holda saqlab qolishga qaratilgan.
Iroq dunyoning yana bir yirik neft «imperiya»laridan bir hisoblanadi.

Mamlakat «qora oltin» zahirasi 112 milliard 500 million barrelni tashkil etadi. Bu esa Saudiyadan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir. Biroq shuncha katta zahiraga ega davlat so‘nggi yillarda o‘z tabiiy resursidan samarali foydalanolmay kelyapti. Urushdan keyin mamlakatda yuzaga kelgan murakkab vaziyat hozirda barcha sohalar qatori neftni qayta ishlash tizimini ham qayta tiklashga imkon bermayapti (Darvoqe, Saddam Husayn rahbarlik qilgan oxirgi yillarda ham Iroqqa nisbatan iqtisodiy jazo chorasi — sanktsiya joriy etilgani sababli mamlakat o‘z neftidan erkin foydalana olmagan).

G‘arb davlatlari, xususan, AQSh esa neft narxi tobora oshib borayotgan bir sharoitda imkon qadar tez fursatda Iroq neft sanoatini qayta yo‘lga qo‘yishga urinyapti. Buning boisi tushunarli…

OPEK a’zolaridan Eron, Kuvayt, Qatar va BAA neft sanoatida barqaror iqtisodiy o‘sish kuzatilyapti. Ayrim qiyinchiliklarni inobatga olmaganda, Indoneziya va Jazoir «qora oltin» sanoatida ham ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilyapti. Lekin 1999 yilgacha savdo ko‘rsatkichlari bo‘yicha uchinchi davlat sanalgan Venesuela neftni qayta ishlash tizimida jiddiy muammolar mavjud.

Chunki mamlakatda ikki yil avval prezident Ugo Chaves hukumatiga qarshi bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlar tafti hali bosilganicha yo‘q. Iqtisodiyoning barcha tarmoqlari singari o‘sha paytda deyarli izdan chiqib ketgan «qora oltin» sanoati ham ayni damda tiklanish davrini boshdan kechirmoqda.

Hozirda xalqaro bozorda narx ko‘tarilib borayotgani sababli, OPEKka a’zo mamlakatlar neft qazib olishni yanada ko‘paytirish va «qora oltin»ning 1 barrelini 38 dollar bahoda saqlab qolishga urinmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo mamlakatlarining neftga bo‘lgan kunlik ehtiyoji 76 million barrelni tashkil etmoqda. OPEK esa bu ehtiyojning yarmidan ko‘prog‘ini qoplashga muvaffaq bo‘lmoqda.

Omad kim tomonida?

Oxirgi yillarda sanoatlashgan dunyoda neftga bo‘lgan talab oshsa oshyaptiki, kamaygani yo‘q. Mutaxassislarning hisob-kitobi esa bu talab kelajakda ham oshish ko‘rsatkichiga ega bo‘lishini tasdiqlamoqda. Taxminlarga ko‘ra, 2020 yilga borib jahon davlatlarining neftga bo‘lgan kunlik talabi 103,2 million barrelga to‘g‘ri keladi.

Sizga ma’lumki, OPEKka a’zo bo‘lmagan Rossiya, Norvegiya, Ummon, Meksika kabi davlatlar ham katta zahiralari bilan xalqaro bozorda e’tiborli mavqe egallaydi. Biroq so‘nggi xomcho‘tlar ham bu borada omad, demakki, hokimiyat baribir OPEK tarafida ekanini ko‘rsatdi. Chunki neft zahiralaridan hozirga ko‘rsatkichda foydalanilsa, OPEK davlatlari zahirasi 80 yilga yetar ekan. Tashkilotga a’zo bo‘lmagan Rossiya, Meksika, Norvegiya va Ummon kabi davlatlar zahirasi esa 20 yilga bormay tugashi mumkin.
Hozirgi davrda dunyoning deyarli barcha rivojlangan davlatlarida neftning o‘rnini bosadigan energiya resurslari ishlab chiqarish, atom energiyasidan kelgusida sanoat maqsadlarida ko‘proq foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.

Bugungi vaziyatda jahon energiya resurslari umumiy miqdorining 41,3 foizi neft hissasiga to‘g‘ri keladi. 2020 yilga borib esa bu raqam 39,2 foizni tashkil etadi. O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsizki, so‘nggi tadqiqotlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkich tushmasligi, ya’niki, strategik resurs sanalgan neftning ahamiyati ham pasaymasligini ko‘rsatmoqda.

Yuqorida zikr etilgan omillar esa OPEK keyingi yillarda ham dunyo miqyosida katta nufuzga ega bo‘lishi, xalqaro moliya kursini belgilaydigan mavqeda qolishidan dalolatdir.

Sobirjon Yoqubov