O‘mon Sultonligi 2016-2017 yillarda Xalqaro ta’lim byurosiga raislik qiladi. “Times of Oman” nashri xabariga ko‘ra, Xalqaro ta’lim byurosi kengashining Jenevada o‘tgan 65-sessiyasida ana shunday qaror qabul qilingan.
Xalqaro ta’lim byurosi YuNESKOning ixtisoslashgan idorasi bo‘lib, u a’zo mamlakatlarda maorif tizimini takomillashtirishga hissa qo‘shadi.
1925 yilda tashkil etilgan hamda 1969 yildan YuNESKO tarkibiga kirgan xalqaro idora dunyo miqyosida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Kuzatuvchilar Sultonlikning jahondagi yetakchi ta’lim idorasi raisligiga saylanishini mamlakatda ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan islohot va yangilanishlarning o‘ziga xos e’tirofi sifatida baholamoqda.
Yaqindagina Sulton Qobus universiteti “QS World University”ning 2015 yildagi reytingida 100 pog‘ona yuqorilab, sayyoramiz bo‘yicha 501-o‘rinda, Ko‘rfaz mamlakatlari bo‘yicha esa 7-o‘rinda qayd etilgan edi. Mazkur nufuzli reyting dunyo oliy o‘quv yurtlaridagi akademik ta’lim sifati, tadqiqotlar ko‘lami va saviyasiga ko‘ra tuziladi.
Keyingi yillarda O‘mon Sultonligi iqtisodi yuksaldi, ijtimoiy sohalarda ham katta yutuqlarga erishildi. Tahlilchilarga ko‘ra, aynan ta’lim tizimidagi islohot va yangilanishlar mazkur muvaffaqiyatlarning asosiy omili bo‘ldi.
O‘monda dastlabki nizomiy maktab 1914 yilda ochilgan bo‘lsa-da, 1970-yillarga qadar ta’lim taraqqiyoti sust kechdi. O‘tgan asrning 70 yillarida mamlakat bo‘yicha uchtagina maktab bor edi, o‘quvchilar soni esa 1000 taga ham bormas edi. O‘sha kezlar mamlakat taxtiga o‘tirgan Sulton Qobus birinchi galda ta’lim tizimini isloh etishga e’tibor qaratdi. Yangi ta’lim dargohlari bunyod etish, ilg‘or usullarni amalga tatbiq etish uchun davlat g‘aznasidan juda katta miqdorda mablag‘ ajratildi (ayni paytda ham Sultonlik byudjetining 50 foizga yaqini ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanadi). Shu tariqa O‘monda maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim hamda oliy ta’lim bosqichlari shakllantirildi. Umumiy ta’lim boshlang‘ich, to‘liqsiz o‘rta va o‘rta ta’lim bosqichlarini o‘z ichiga olib, 12 yilga cho‘ziladi. So‘ngra tahsil oliy o‘quv yurtida davom ettiriladi.
Yangi yuzyillik O‘mon ta’lim tizimida yuksalish davri sifatida tarixga kirdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2008-2009 yillarda davlat va xususiy sarmoyadorlar ixtiyoridagi 1300 dan oshiq maktabda 600 mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olgan. E’tiborli jihati, ularning 48 foizi qizlardir. Maktablar uchun mahalliy kadrlarni tayyorlash dasturi ham o‘z mevasini berdi. Yana raqamlarga murojaat etsak, umumiy ta’lim maktablarida saboq berayotgan 43 mingdan oshiq o‘qituvchining 89 foizi O‘mon fuqarolari sanaladi.
Umumiy ta’lim tizimi zamon bilan hamqadam rivojlantirilmoqda. O‘mon Ta’lim vaziri, doktor Madiha Ahmad al-Shayboniy qayd etganidek, “Jahon bozorida mustahkam o‘rin egallamoq va taraqqiyotga erishmoq uchun O‘mon ta’lim dargohlarida tafakkuri keng, murakkab masalalarni yechishga qodir, ijodkor, intiluvchan hamda raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish talab etiladi”.
Mamlakatda oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy ta’lim vazirligi hamda Oliy ta’lim bo‘yicha maxsus kengash bu borada muvofiqlashtiruvchi idoralar sanaladi. Sultonlikda 60 ga yaqin oliy o‘quv yurti faoliyat yuritayotir. 1986 yilda ta’sis etilgan Sulton Qobus universiteti ilmiy va texnikaviy salohiyati jihatidan nafaqat mamlakat, mintaqada ham yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayni paytda mazkur dorilfununda 13500 nafar mahalliy va xorijlik talaba saboq olmoqda.
“Biz ilm-fan asrida yashamoqdamiz, jamiyat hayotining barcha jabhalari shitob o‘zgarishlarga uchramoqda. Shunisi aniqki, shiddatli davrning qiyinchiliklarini ilm-fan hamda muttasil izlanish orqaligina yengib o‘tish mumkin. Islomiy qadriyatlar hamda tamaddunga asoslangan taraqqiyot va farovonlikni ta’min etishning yo‘li ham shu”, – degan edi Sulton Qobus.
Bugungi jarayonlar Sultonlik ta’limga alohida e’tibor qaratib to‘g‘ri yo‘l tutganini tasdiqlamoqda.
Sobir Salim