Olmon tili bo‘yicha milliy olimpiada g‘oliblari Hamburgga boradi

Foto: Gyote instituti

12 aprel kuni Toshkentdagi Gyote institutida Xalqaro olmon tili olimpiadasi ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha milliy saralash musobaqasi o‘tkazildi. Bu haqda mazkur institut matbuot xizmati xabar berdi.

Respublika bosqichiga viloyat olimpiadalarida 1- va 2-o‘rinni egallagan 29 nafar bilimdon (9-10 sinf o‘quvchilari) taklif etildi.

Birinchi bosqichda ishtirokchilar til bilish darajasini aniqlash testini topshirishdi va natijalarga qarab A2 va B2 guruhlariga bo‘linishdi. Kichik tanaffusdan so‘ng bilimdonlar yozma imtihon topshirdilar. Yakuniy bosqichda ishtirokchilar oldindan berilgan mavzu bo‘yicha olmon tilida taqdimot qildilar.

Gyote instituti, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, DAAD tashkiloti hamda Toshkent davlat pedagogika universiteti vakillaridan iborat hakamlar hay’ati natijalarni o‘rganib chiqib, g‘oliblarni aniqladi. Olimpiada g‘oliblari turli sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, milliy bosqich g‘oliblari Hamburg shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro olmon tili olimpiadasida ishtirok etadi.

“A2 va B2 guruhidagi eng yaxshilar Hamburg safarini intizorlik bilan kutmoqdalar. Biz ularga keyingi bosqichda ham omad tilaymiz. Barcha qatnashchilarga esa olmon tiliga, madaniyatiga hamda mamlakatshunosligiga bildirgan qiziqishlari uchun tashakkur deymiz. Sizlar zo‘rsizlar! Oxirida hatto bir kishining astagina yig‘lashini eshitdik. Bu esa shundan dalolat beradiki, u o‘quvchi g‘olib bo‘lishni maqsad qilgan. Shu maqsadning o‘zi ham aslida Sizning yutug‘ingiz. Kelajakda ham shunday bo‘lsin doim!” – deyiladi elchixonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida chop etilgan postda.

Qayd etilishicha, ishtirokchilarni viloyatlardan kuzatib kelgan o‘qituvchilar uchun Gyote institutining tajribali o‘qituvchisi Farida Gabdulxakova mahorat darsi, Pasch “Maktablar: kelajak hamkorlari” tashabbusining O‘zbekiston va Tojikistondagi mas’uli Simon Kretschmer imtihonlarga doir seminar o‘tkazdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda O‘zbekistondagi 1600 maktabning 300 mingdan ziyod o‘quvchisi olmon tilini o‘rganmoqda. 10 ta maktabda mazkur til chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 6 ta o‘rta ta’lim maktabi esa olmon tili bo‘yicha diplom (DSD) berish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 4 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan an’anaviy olmon tili o‘qituvchilarining 14-anjumanida Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.

Shu mavzudagi maqola:

Toshkentda olmon tilining yosh bilimdonlari bellashdi. 16.11.2021