Joriy yil yanvar oyi boshida ro‘y bergan ommaviy tartibsizlik va beqarorlikdan keyin Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev ilk bor xalqiga murojaat qildi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar berdi.
Quyida murojaat matni bilan to‘liq tanishishingiz mumkin:
“Hurmatli vatandoshlar! Aziz birodarlar!
2022 yil xalqimiz uchun og‘ir va xavfli sinov bilan boshlandi. Xabaringiz bor, uyushgan ekstremistik guruhlar mamlakatda ommaviy tartibsizliklar keltirib, terrorchilik harakatlari sodir etdi.
Natijada tinch aholimiz jabr ko‘rdi. Fojia qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Terrorchilar mamlakatimiz va suverenitetimizga, farovonligimiz va butunligimizga tahdid solib, tinchimizni oldi. Prezident Qosim-Jo‘mart Kamolo‘g‘li To‘qayevning tezkor qarorlari tufayli mamlakat yiqilmadi.
Davlar rahbarini qo‘llab-quvvatlash barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Endi bundan saboq olish va bunday fojianing oldini olish kerak. Ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan o‘ttiz yillik istiqlol davomida biz ko‘p ishlar qildik. Qozog‘iston dunyoga mashhur davlatga aylandi. Keng chegaralarimiz to‘liq himoyalangan. Biz mamlakatimizda tub islohotlarni amalga oshirdik va Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandik. Yangi poytaxtimiz Yevroosiyoning markazida, Sariarqaning bag‘rida barpo etildi.
Hech bir dushman bizni sindira olmaydi.
Hurmatli qozog‘istonliklar! Hurmatli vatandoshlar!
Menga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar munosabati bilan shuni ma’lum qilamanki, men 2019 yilda Prezident vakolatlarini Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tkazdim va o‘shandan beri men pensionerman, Qozog‘iston poytaxtidaman, hech qayerga ketganim yo‘q. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev to‘liq vakolatga ega. U Xavfsizlik Kengashining raisi. Tez orada Prezident “Nur Otan” partiyasi raisi etib saylanadi. Shuning uchun elitada hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘q. Bu boradagi mishmishlar mutlaqo asossiz.
30 yil davomida Vatanimiz uchun tinim bilmay mehnat qilganimni hamma biladi. Biz uning chegaralarini mustahkamladik. Biz izchil islohotlarni amalga oshirdik. Biz birgalikda mustaqil Qozog‘istonni barpo etdik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda yuksak natijalarga erishdik, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDHda ham ko‘p jihatdan yetakchi bo‘ldik. Qozog‘iston jahon hamjamiyatida taniqli va obro‘li davlatga aylandi. Bu barcha qozog‘istonliklarning hamjihatligi va birgalikdagi mehnati samarasidir.
Mamlakatdagi barqarorlik va osoyishtalik doimo mening maqsadim bo‘lib kelgan. Barchamiz ana shu abadiy qadriyatlarni qadrlashimiz kerak. Biz, albatta, inqirozni yengamiz va yanada kuchliroq bo‘lamiz. Prezidentimiz xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan yangi islohotlar dasturini ilgari surdi. Ushbu dasturni qo‘llab-quvvatlash kerak.
Sizga, aziz vatandoshlar, sog‘liq va farovonlik tilayman! Davlat rahbari lavozimida ishlaganimda olib borgan islohotlarim va modernizatsiya yo‘nalishimni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur”.