5 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “5-iyun Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” hamda BMT Bosh assambleyasi tomonidan “Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilinishi munosabati bilan “Rivojlanayotgan Orolbo‘yi mintaqasi dunyo hamjamiyati nigohida” mavzusida Xalqaro anjuman tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Germaniyaning Xalqaro taraqqiyot jamiyati vakolatxonasi va boshqa xalqaro va milliy tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar hamkorlari bilan Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda himoya o‘rmonzorlarini barpo etilayotgani, kollektor-drenaj suvlari shoxobchalari tizimini yaxshilash, Orolbo‘yi aholisining turmush darajasini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani, Nukus, Urganch va Xiva atrofida «yashil belbog‘»lar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda Orolning qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarda amalga oshirilgan o‘rmon melioratsiya ishlari, Orolbo‘yi hududidagi yangi ekologik innovatsiyalar, Janubiy Orolbo‘yida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi amalga oshirayotgan ishlar, «EcoAral» loyihasi, Orolbo‘yi hududining turistik salohiyati haqida ham a’lumot berildi.
Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklardan iborat butazorlar barpo etish, hududda yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, jamoatchilik e’tiborini ekologik muammolar yechimiga qaratish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng jalb etish bu tadbirning ham asosiy maqsadi bo‘ldi.
Avvalroq “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonida Mo‘ynoq tumanidagi “Aliovul” qishlog‘ini obod qilish uchun 2 mlrd so‘m xayriya mablag‘lari yig‘ilgani haqida xabar qilingan edi.