Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda

O‘zbekiston milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSh) Biokimyo va biofizika professori, 2015 yil Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yilning 15-22 oktyabr kunlari O‘zbekiston tashrif buyurmoqda.

Tashrif davmida professor molekulyar biologiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar bilan tajriba almashadi hamda respublikaning yosh olimlarini innovatsion ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishadi.

Tashrifning davomida professor Aziz Sanjar O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Axmet Bashar Shen, O‘zMU rektori Avazjon Maraximov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan uchrashadi.

O‘zbekiston Milliy Universitetida “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” deb nomlangan xalqaro ilmi anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda respublika hamda xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, vazirliklar va elchixonalar vakillari ishtirok etadi. Konferentsiya doirasida professor Aziz Sanjar O‘zMU Faxriy doktori unvoni taqdim etiladi. Aziz Sanjar O‘zbekiston ilm ahli oldida chiqish qilishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktorantura tahsil oluvchilari va tadqiqotchilarga “DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash” mavzusida onlayn ma’ruza o‘tadi. Mazkur ma’ruza respublikaning barcha OTMlari videokonferentsiya studiyalarida translyatsiya qilinadi.

Shuningdek, professor Aziz Sanjarning “Fan va milliy taraqqiyot” mavzusida O‘zbekiston yosh olimlariga murojaati rejalashtirilgan. So‘ngra, olim O‘zMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Shu yilning 18-21 oktyabr kunlari professor Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining tarixiy me’moriy obidalarini ziyorat qilish uchun tashrif buyuradi.