Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi. Mazkur muhim siyosiy tadbir Madriddagi NATO sammiti doirasida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo va Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu hujjat NATO a’zoligiga intilayotgan rasmiy Stokholm hamda Helsinki Anqaraning talablarini bajarishga rozi ekanini anglatadi.
NATO bosh kotibi rahbarligidagi uchrashuvda Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya vakillari muhim masalalarda kelishib oldilar.
Qayd etilishicha, NATO – mushtarak qadriyatlarga asoslangan, umumiy mudofaa va xavfsizlikning ajralmasligi tamoyillariga asoslangan ittifoqdir. Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya Vashington shartnomasida belgilangan tamoyillar va qadriyatlarga sodiqliklarini bildiradilar. Ittifoqning eng asosiy xususiyatlaridan biri a’zo davlatlarning milliy xavfsizligiga, shuningdek, xalqaro tinchlik va barqarorlikka tahdid soladigan terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashishda to‘liq birdamlik va hamkorlikdir.
Kelajakdagi NATO ittifoqchilari sifatida Finlyandiya va Shvetsiya Turkiyani milliy xavfsizligiga tahdid solayotgan barcha tahdidlarga qarshi to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan, Finlyandiya va Shvetsiya PYD/YPG (PKK terror tashkiloti) va FËTOni qo‘llab-quvvatlamaydi. O‘z navbatida Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyani milliy xavfsizligiga qaratilgan barcha tahdidlarga qarshi har tomonlama dastaklaydi. Finlyandiya va Shvetsiya terrorizmning barcha shakllari va ko‘rinishlarida keskin rad etadi va qoralaydi, barcha terror tashkilotlarining Turkiyaga qarshi uyushtirgan hujumlarini ochiq va so‘zsiz qoralab, Turkiya va qurbonlarning oilalari bilan chuqur birdamlik tuyg‘ularini izhor qiladi.
Finlyandiya va Shvetsiya PKKning taqiqlangan terror tashkiloti ekanligini tasdiqlaydi va shu kabi terror tashkilotlari, ularning filiallari, shuningdek, unga aloqador yoki ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar faoliyatining oldini olish majburiyatini oladi.
Bundan tashqari, Finlyandiya 2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan Jinoyat kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritib, jazolanadigan terrorchilik jinoyatlari doirasiga yangi faoliyat turlarini qo‘shdi. 2022 yil 10 yanvardan kuchga kirgan ushbu so‘nggi tuzatishlar bilan terroristik guruhlar faoliyatida ishtirok etish jinoyati doirasi kengaytirildi. Shu bilan birga, jamoat joylarida terrorizmga chorlash harakatlari alohida jinoyat sifatida jazolanadi. Shvetsiya 2022 yil 1 iyuldan boshlab terrorchilik jinoyatlari to‘g‘risidagi yangi va samaraliroq qonun kuchga kirishini va hukumat terrorizmga qarshi qonunchilikni kuchaytirishda davom etishini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya davlatlari o‘rtasida endi milliy qurol embargosi yo‘q. Shvetsiya NATO ittifoqchilariga qurol eksport qilish bo‘yicha milliy qonunchiligiga o‘zgartirish kiritmoqda. Kelgusida Finlyandiya va Shvetsiyadan mudofaa mahsulotlari eksporti ittifoqchilik birdamligi ruhida va Vashington kelishuvining 3-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya muzokaralardan so‘ng quyidagi aniq majburiyatlarni oladilar:
tomonlar terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va boshqa umumiy muammolarga qarshi kurashda konsensusga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida barcha darajalarda, jumladan, hukumatlararo mexanizmni yaratadilar;
Finlyandiya va Shvetsiya, NATOning tegishli hujjatlari va siyosati qoidalariga muvofiq, terrorizmga qarshi qat’iy kurash olib boradi va qonunchilikni mustahkamlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi;
Finlyandiya va Shvetsiya ekstraditsiya bo‘yicha Yevropa konventsiyasiga muvofiq Turkiyaning terrorizmda gumon qilinganlarni deportatsiya qilish yoki ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovlarini zudlik bilan ko‘rib chiqish hamda ekstraditsiya va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish uchun Anqara tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar, dalillar va razvedka ma’lumotlarini hisobga oladi;
Finlyandiya va Shvetsiya 5-bandda qayd etilgan doirada, PKK terror tashkiloti, uning barcha bo‘linmalari tomonidan mablag‘ yig‘ish va yollash faoliyati bilan bog‘liq tekshiruvlarni boshlaydi va ularni taqiqlaydi.
Ushbu qadamlarni amalga oshirish uchun uch davlat tashqi ishlar, ichki ishlar va adliya vazirliklari, razvedka va xavfsizlik xizmatlari mutaxassislari ishtirokida doimiy mushtarak mexanizm tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Turkiya NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish taklifini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu mavzudagi maqola:
Turkiya prezidenti “The Economist” nashri uchun maqola yozdi. 31.05.2022