Naser Busherit: “2019 yil Jazoir va O‘zbekiston hamkorligida yangi sahifa ochadi”

1 noyabr kuni Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi o‘z milliy bayrami – Inqilob boshlangan sananing 64 yilligini nishonlaydi. Milliy bayram arafasida mazkur mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naser Busherit bilan suhbatlashdik.

– Elchi janoblari, 1 noyabr sanasi Jazoir xalqi uchun qanday ahamiyatga ega?

– Jazoir milliy bayrami 1954 yil 1 noyabr – inqilob boshlangan sanaga to‘g‘ri keladi. Bu – Jazoir xalqi uchun juda qadrli kundir. Mazkur sana tantanali tarzda nishonlanadi. Biz, avvalo, mamlakatni 132 yil (1830-1962) davom etgan mustamlaka zulmidan xalos etish yo‘lida jonini fido qilgan shahidlarimiz ruhiga ehtirom ko‘rsatamiz.

Sirasini aytganda, 1954 yil 1 noyabr kuni boshlangan inqilob mamlakatning turli mintaqalarida kechgan xalq ozodlik harakatining haddi a’losi – kulminatsiyasi bo‘ldi. Ushbu tarixiy voqea xalqimning jamoaviy tafakkuri shakllanishiga ko‘mak berdi. Yetti yarim yil davom etgan qonli kurashlarda bir yarim milliondan ziyod kishi shahid bo‘ldi. Shu tariqa Jazoir o‘z mustaqilligi va qadr-qimmatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

– O‘tgan yili O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligi nishonlangan edi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bugungi hamkorlikni qanday baholaysiz?

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar hamisha o‘zaro hurmat, birodarlik, do‘stlik va hamkorlikka asoslangan. Har ikki o‘lka islom tamadduniga mansub ekani esa xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik aloqalarining poydevori sanaladi. Shu o‘rinda Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgani hamda Toshkentda elchixona ochganini qayd etish joiz. Bu esa, Jazoir mamlakatingiz bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanining yana bir tasdig‘i.

Bundan tashqari, mamlakatlarimiz tashqi siyosati asosini tashkil etuvchi tamoyillar borasida ham mushtaraklik mavjud va bu uyg‘unlik uzoq muddatli, mustahkam va samarali hamkorligimiz omili sanaladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida muvofiqlashtirish, maslahatlashish va o‘zaro ko‘mak munosib darajada ekanini ham ta’kidlash joiz.

Yaqinda ikki tomonlama aloqalarimizda yangi ufqlarni ochuvchi quvonchli hodisa ro‘y berdi. Bu o‘rinda Prezidentlarimiz – Abdulaziz Buteflika janoblari hamda uning birodari Shavkat Mirziyoyev janoblari o‘zaro maktub almashganlarini nazarda tutmoqdaman. Davlat rahbarlari o‘z maktublarida aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi qat’iy niyatlarini izhor qilganlar. Demak, 2019 yil ikki mamlakat hamkorligida yangi ufqlar ochuvchi muhim tashriflar bilan tarixga kirishi kutilmoqda.

Yorug‘ istiqbol esa bizni davlatlarimiz yetakchilari istaklarini imkon qadar tezroq ro‘yobga chiqarish, mamlakatlarimiz aloqalarini real salohiyat hamda xalqlarimiz manfaat va intilishlarining muvofiq darajasiga ko‘tarish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishga undaydi. Bu o‘rinda o‘zbekistonlik hamkorlarimizning birgalikda faoliyat yuritish va robitalarimizni mustahkamlash borasidagi qat’iyatini alohida ta’kidlashni istardim. Biz ham barcha sohalar, xususan, iqtisodiy sohadagi hamkorlik takliflari muhokamasiga hamisha tayyormiz.

– Darhaqiqat, mamlakatlararo aloqalarda iqtisodiy jabha muhim ahamiyat kasb etadi. Cizningcha, O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning istiqboli qanday?

– Men go‘zal diyoringizda diplomat sifatida 2015 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqdaman. O‘shandan buyon bu yurtda barcha sohalarda, xususan, iqtisodiy yo‘nalishda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi va ularga shaxsan guvoh bo‘layotirman. Shavkat Mirziyoyev janoblari hokimiyatga kelganidan keyin boshlangan jadal islohotlar, xususan, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, shubhasiz, iqtisodiyotning ochiqligi va sarmoyalar ko‘lami oshishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, biz ham ushbu o‘zgarishlarni sinchkovlik bilan kuzatib bormoqdamiz. O‘zbekiston bilan mazkur sohada hamkorlik esa istiqbolli ekanini ta’kidlash lozim. Fikrim isboti sifatida ayrim jihatlarga e’tiboringizni qaratsam.

Birinchidan, ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirish xususiyatiga ega. Bu jihatdan, Jazoir jahon e’tirof etgan tajriba va yuqori insoniy resurslarga ega mamlakat sifatida O‘zbekistonga o‘z tajribasi va nou-xaulari bilan ko‘mak berishi mumkin.  Masalan, Jazoirning “Sonatrach” milliy neft-gaz kompaniyasi energiya sektorida dunyoning eng yirik shirkatlari o‘ntaligidan  tushmay kelmoqda. 2017 yilda kompaniyaning savdo aylanmasi 35 milliard AQSh dollaridan oshdi. Xalqaro bozorga chiqishga yo‘naltirilgan yangi siyosat tufayli allaqachon bir necha mamlakatda ish boshlagan “Sonatrach” kompaniyaci “O‘zbekneftegaz” kompaniyasi bilan ham hamkorlik aloqalari o‘rnatishi mumkin.

Bu fikr agrar sektor, elektronika mahsulotlari va maishiy texnika ishlab chiqarish sohalariga ham taalluqli. Mazkur sohalarda biz xalqaro darajada faol ishbilarmonlar guruhiga egamiz va ular o‘zaro manfaatli hamkor qidirmoqdalar.

Bundan tashqari, Jazoir O‘zbekiston bilan to‘qimachilik sohasidagi tajribasi bilan ham o‘rtoqlashishi mumkin. Qolaversa, turizm, hunarmandlik sohalari ham mamlakatlarimiz uchun manfaatli bo‘lsa ajab emas.

Ikkinchidan, Jazoir davlat idoralari tomonidan milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish borasida olib borilayotgan yangi siyosat bizning ishbilarmonlar hamjamiyatini xalqaro miqyosda yangi sarmoya imkoniyatlarini izlashga undamoqda. Bu jihatdan, O‘zbekiston yuqorida ta’kidlangan sohalar bo‘yicha Jazoir ishbilarmonlari e’tiborini tortishi mumkin.

Uchinchidan, mamlakatlarimizning o‘z mintaqasidagi jug‘rofiy o‘rnini ta’kidlashni istardim. Jazoir Yevropa janubiga yaqin masofada joylashgan. Qolaversa, Sahroi kabirdan janubga tomon, Mag‘rib mintaqasi yuragida joylashgani bois Afrika bozori darvozasi sanaladi.

Mamlakatimning ichki bozori ko‘lami, yo‘llar, portlar va aeroportlar infrastrukturasiga yo‘naltirilgan juda katta miqdordagi sarmoyani ham qayd etish joiz. Bu esa Jazoirni mintaqada yuz millionlab iste’molchilarga ega muhim logistika markaziga aylantirgan. Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan va jadal o‘zgarayotgan O‘zbekiston haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Xususan, Xitoy tomoni taklif etayotgan yangi Ipak yo‘li loyihasi amalga oshirilishi bilan mamlakatingiz Jazoir ishbilarmon doiralarida yanada kuchli qiziqish uyg‘otsa ajab emas.

Bu kabi jihatlar mamlakatlarimiz kompaniyalariga xalqaro darajada rivojlanish va dunyo iqtisodiyotiga samarali integratsiyalashuv uchun ajoyib imkoniyat beradi.

Yana bir gap. Ikki mamlakat tomonidan tashkil etilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarda kompaniyalarning ishtiroki ishbilarmon doiralar robitasini mustahkamlashga xizmat qiladi. 2019 yil iyun oyida 52-Jazoir xalqaro ko‘rgazmasi (FIA) o‘tkaziladi. Bizningcha, ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston tomonining ishtiroki mamlakat mahsulotlarini nafaqat Jazoir bozori, balki ushbu tadbirda qatnashayotgan Afrika, Yevropa, Osiyo va Amerikaning o‘nlab mamlakatlariga ham tanitish imkonini beradi.

Shu kabi omillarga ko‘ra, men mamlakatlarimiz aloqalari, xususan, iqtisodiy sohadagi hamkorlik borasida ishonch va nekbinlik asosida fikr yuritmoqdaman.

– Elchi janoblari, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Madaniy-gumanitar soha, shubhasiz, almashuvlar muntazamlik va izchillik kasb etgan jabha hisoblanadi. O‘zbekiston Jazoirda tashkil etilayotgan ko‘plab madaniy tadbirlarda ishtirok etmoqda. O‘z navbatida, Jazoir ham O‘zbekistonda tashkil etilayotgan tadbirlar, jumladan, Samarqanddagi “Sharq taronalari” festivalida qatnashib kelmoqda. Jazoir xalq musiqasi ijodiy jamoalari 2003, 2015 va 2017 yillarda mazkur festivalda ishtirok etgan. 2018 yil avgust oyida Shahrisabzda xalqaro maqom festivali bo‘lib o‘tdi. Unda Jazoirning andaluz (an’anaviy musiqa janri) musiqa  guruhi ham o‘z chiqishini namoyish etdi.

Madaniy aloqalar hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi almashuvni yanada kuchaytirish maqsadida Jazoir elchixonasi Jazoir–O‘zbekiston do‘stlik jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda ilgari surilgan ushbu tashabbus Tashqi ishlar vazirligi tomonidan iliq qabul qilindi.

S.Salim tayyorladi