Muhammad Said Muhammad al-Lavatiy: “Ma’rifatsiz taraqqiyot yo‘q”

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. 18 noyabr – O‘mon Sultonligining milliy bayrami arafasida ushbu mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Said Muhammad al-Lavatiy bilan ikki tomonlama robitalar xususida suhbatlashdik.

– Elchi janoblari, O‘mon Sultonligi milliy bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz. Mazkur sanani mamlakatingiz qanday kayfiyatda qarshi olmoqda?

– Tashakkur. Suhbatimiz avvalida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqi va hukumatiga o‘z hamdardligimni bildirib o‘tmoqchiman. Mamlakatingiz rahbariyatiga mas’uliyatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin.

18 noyabr sanasi O‘mon Sultonligi hayotida muhim o‘rin tutadi. Shu kuni mamlakatimiz tarixida yorqin sahifa ochilgan edi. Bu sanada O‘mon xalqi o‘z davlat rahbari – Sulton Qobus bin Sa’id a’lohazratlariga o‘z ehtiromini izhor etadi. Zero, O‘mon davlati bugungi mavqe va darajaga erishuvida Sulton a’lohazratlarining o‘rni beqiyos ekanini xalqimiz juda yaxshi anglaydi. Albatta, hozirgi mavjud iqtisodiy vaziyat avvalgi yillardagidan biroz farq qiladi. Ammo bu hol milliy bayramni zo‘r ko‘tarinkilik ila qarshilashga mone bo‘lolmaydi. O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchixonasi ham bayramni an’anaga sodiq qolgan holda tantanali tarzda nishonlashni rejalashtirgan.

– 1970 yildan buyon O‘mon davlatini Sulton Qobus a’lohazratlari idora etib kelmoqda. Ushbu davlat arbobi zamonaviy O‘monning me’mori sanaladi. O‘tgan salkam yarim asr mobaynida davlat rahbari boshchiligida mamlakatingiz hayotida juda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ulardan qay birini alohida ta’kidlagan bo‘lar edingiz?

– Chindan ham, o‘tgan 46 yil ichida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha – ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat butkul isloh etildi. Men birgina ta’lim sohasidagi yutuqlarga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Zero, yuksak ma’rifatgina barqaror taraqqiyot omili bo‘lishi mumkin. O‘monda 1970-yillardan ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lida tub islohotlar amalga oshirildi. Yangi ta’lim dargohlari bunyod etish, ilg‘or usullarni amalga tatbiq etish uchun davlat g‘aznasidan juda katta miqdorda mablag‘ ajratildi. Natijada qisqa fursatda tizimda ulkan yutuqlarga erishildi. O‘tgan asrning 70-yillarida mamlakat bo‘yicha uchtagina maktab bor edi. Bugun esa yuzlab maktablar, qator oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. 1986 yilda ta’sis etilgan Sulton Qobus universiteti ilmiy va texnikaviy salohiyati jihatidan nafaqat mamlakat, mintaqada ham yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston ham ta’lim borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganini ta’kidlashni istardim. O‘zbekiston aholisining 97 foizdan oshig‘i savodxon ekani butun musulmon olamining yutug‘idir. 

– Elchi janoblari, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holatini qanday baholaysiz?

– Ikki davlat hamkorligi turli jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘monga 2009 yil oktyabrdagi tashrifidan keyin “UzOman” sarmoya kompaniyasi ta’sis etilgan edi. Mazkur kompaniya nizom jamg‘armasining 75 foizi – O‘mon, 25 foizi esa O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirga qadar mazkur kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga 100 million AQSh dollarilik sarmoya kiritdi. Hamkorlik hozirgi sur’atda taraqqiy etsa, yaqin besh yilda “UzOman” kompaniyasining mamlakatingiz iqtisodiyotiga kiritadigan sarmoyasi 1 milliard AQSh dollaridan oshadi. 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–O‘mon hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishlari ham muntazam o‘tkazilmoqda. Joriy yil sentyabrda Masqatda komissiyaning navbatdagi mashvarati o‘tishi mo‘ljallangan edi. Ammo O‘zbekistonda ro‘y bergan ta’ziya tufayli yig‘ilish kechiktirildi. O‘ylaymanki, 4 dekabr – O‘zbekiston Prezidenti saylovidan keyin savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikda elchixonalar muhim o‘rin tutadi. Xabaringiz bor, O‘mon Sultonligi O‘zbekistonda 2010 yil aprelda o‘z elchixonasini ochgan edi. Kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston  tomoni ham elchixona ochishi ko‘zda tutilgan edi. Mamnuniyat ila shuni ma’lum qilamanki, yaqin fursatda O‘zbekistonning Masqatda elchixonasi faoliyat boshlashi kutilmoqda. Mazkur quvonchli hodisa tez muddatda amalga oshishiga tilakdoshman. O‘monda O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuksak bosqichga olib chiqishi tabiiy.  

– So‘nggi yillarda madaniy-gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Bu borada so‘z borar ekan, O‘mon Sultonligi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi kutubxonasi binosi qurilishiga homiylik qilayotganini eslash joiz.

– Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi kutubxonasi binosi qurilishi yakunlandi. Ayni paytda inshootni jihozlash ishlari olib borilmoqda. Kutubxona rasman 2017 yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston zaminida ko‘hna va noyob qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Mazkur ma’naviy bisot nainki xalqingiz, butun bashariyatning boyligidir. Shu bois Sulton Qobus a’lohazratlari bebaho ma’naviy boyliklarni ko‘z qorachig‘idek asrash va kelgusi avlodlarga to‘kis yetkazish maqsadida kutubxona qurilishiga 20 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ ajratdi. Ushbu ma’naviyat va ma’rifat maskani xalqlarimiz do‘stligi ramzi bo‘lishiga ishonchim komil.

– Toshkent joriy yil oktyabrda nufuzli xalqaro anjuman – Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga mezbonlik qildi. Mazkur anjuman xususidagi mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yuksak saviyada tashkil etildi. Buning uchun O‘zbekiston tomoniga, xususan, Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligiga samimiy minnatdorlik bildiraman. “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori 43-sessiyaning asosiy g‘oyasi sifatida tanlangani chuqur ramziy ma’noga ega. Zero, bugun sayyoramizning turli mintaqalarida islom dinini niqob qilgan ekstremistik guruhlar va oqimlar muqaddas dinimizni yomonotliq qilayotgani sir emas. Bunday sharoitda, albatta, musulmon olami ma’rifatni bayroq qilgan holda harakat qilmog‘i lozim.

Mazkur nufuzli anjumanda O‘mon Tashqi ishlarga mas’ul vaziri Yusuf bin Alaviy janoblari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo ayrim kutilmagan holatlar bois anjumanda u kishining maslahatchisi Tolib Miran al-Raisiy qatnashdi. Al-Raisiy janoblari ham Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi sessiyasi yuksak saviyada uyushtirilganini mamnuniyat ila qayd etdi. Umid qilamizki, anjuman yakunida qabul qilingan muhim hujjatlar musulmon olamini yanada birdam va jips holda harakat qilishga undaydi.   

Umrimning eng ajoyib lahzalari O‘zbekistonda o‘tmoqda. Shu bois men O‘zbekistonni ikkinchi vatanim deb atayman. So‘zim yakunida birodar o‘zbek xalqiga tinchlik, barqarorlik va farovonlik tilab qolaman.

Sobir Salim suhbatlashdi