Iordaniya Qirollik strategik islom ta’limi markazi jahonning eng obro‘li musulmonlarining yangi 500 talik ro‘yxati e’lon qilindi. 2015 yilgi reytingdan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham o‘rin olgan.
Reytingda Iordaniya qiroli Abdulloh ibn al-Husayn yetakchilik qildi. Ikkinchi pog‘onani misrlik shayx Muhammad al Toyyib band etdi. Uchinchi o‘rin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul-Aziz al-Saudga nasib etdi. Ro‘yxatga, shuningdek Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov, chechenlar yetakchisi Ramzan Qodirov hamda ilk bor Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham kiritildi.
Jahonning eng e’tiborli musulmonlarining 500 talik ro‘yxati 2009 yildan beri Iordaniya Qirollik strategik islom ta’limi markazi tomonidan tuzib kelinadi. Muftiy Usmonxon Alimov 2009 yildan beri reytingdan muntazam o‘rin olib keladi.
Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, 1982-83 yillarda Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida, 1983-87 yillarda esa Toshkent islom institutida, 1989-90 yillarda Marokashdagi «Karavayin» universitetida tahsil olgan. 1987-2000 yillar davomida Payariq tumanidagi «Imom Buxoriy» masjidida imom-xatib, 2000 yildan esa O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Samarqanddagi bosh vakili vazifasida faoliyat olib borgan. 2006 yil 8 avgust kuni esa Usmonxon Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.
Muftiy Usmonxon Alimovdan tashqari, jahonning eng e’tiborli musulmonlarining 500 talik reytingidan O‘zbekistondan 2009 yilgi ilk reytingda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2013 yili esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov joy olgan.