Joriy yil 23 maydan Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) doirasida o‘qish uchun ariza qabul qilish boshlandi. Hujjat qabul qilish 30 iyungacha davom etadi.
Malayziya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan dastur rivojlanayotgan mamlakatlar fuqarolariga Malayziya oliy o‘quv muassasalarida grant asosida 2 yildan 3 yilgacha muddatda tahsil imkonini taqdim etadi.
Hujjat topshirishga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni dasturning rasmiy saytidan olish mumkin.
Malayziya texnik hamkorlik dasturi (MTCP) 1980 yilda ta’sis etilgan. Dastur doirasida Malayziya rivojlanayotgan mamlakatlar bilan turli sohalarda ilg‘or tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. “Qo‘shnilar ham gullab-yashnasin” g‘oyasi dastur mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Ushbu platforma turli soha vakillarining kasbiy malakasini oshirish orqali inson resurslarini yanada rivojlantirish, do‘stona robitalarni mustahkamlashni ko‘zlaydi.
O‘tgan yillar davomida MTCP yo‘nalishlari kengaydi. Mazkur dastur doirasida tashkil etilayotgan o‘quv kurslarida O‘zbekiston vazirlik va tashkilotlari vakillari ham muntazam ishtirok etib kelmoqda. 1992 yildan hozirga qadar yuzlab o‘zbekistonlik mutaxassis hamda talabalar qisqa va uzoq muddatli kurslarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
Qisqa muddatli kurslar menejment va ijtimoiy boshqaruv, fan, texnologiyalar va AKT boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya va savdo, diplomatiya, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy taraqqiyot, ingliz tili kabi yo‘nalishlarni qamraydi. Malayziya hukumati, shuningdek, bakalavriat, magistratura va doktorantura kabi bosqichlarda uzoq muddatli tahsil uchun ham stipendiyalar ajratadi.
Mavzuga doir maqolalar:
Malayziya bilan ta’lim sohasida hamkorlik kengaymoqda. 11.08.2022
Malayziya elchisi MTCP kurslari bitiruvchilariga sertifikat topshirdi. 27.06.2022