23 sentyabr kuni Moskvaning “Prospekt mira” dahasida yangidan bunyod etilgan “Moskva” jome’ masjidining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, Falastin davlati rahbari Mahmud Abbos ishtirok etdi.
Marosimda Rossiya Federatsiyasi muftiylar kengashining raisi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy shayx Ravil G‘aynutdin taklifiga binoan O‘zbekistondan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammad Bobur Yo‘ldoshev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov ham qatnashdi.
Bir vaqtning o‘zida 10 000 namozxon ibodat qilishi mumkin bo‘lgan ushbu masjid Yevropadagi eng muazzam jome’dir. Uning maydoni 20 000 kv. metrni tashkil etadi. 6 qavatli ushbu masjid qubbasi 46 metr bo‘lib, oltin zarvaraq bilan qoplangan. Qubba atrofida 78 metrli ikki minora ham mavjud.
Asosiy xonaqohda 140 qandil mavjud bo‘lib, ulardan eng kattasi 3,5 metr diametrni tashkil etadi. Masjid bezaklarini turkiyalik ustalar bajarishdi, gilamlar ham Turkiyadan keltirildi.
Masjidda ayollar uchun alohida xonalar, konferents-zal, muzokaralar xonasi mavjud. Masjid binosida Rossiya musulmonlari muzeyi ham ochiladi.
Masjid 1904 yili qurilgan. Sovet yillarida ham shahardagi yagona jome’ masjidi sifatida faoliyat yuritgan. Uning qayta ta’miri uchun 10 yil sarflandi.
Jome’ masjidi uchun xayriya mablag‘lari hisobidan 170 million dollar sarflandi.