Mixail Saakashvili: Amerika suvini ichgan gruzin

Gruziyaning zamonaviy tarixida Mixail Saakashvili nomi alohida sahifada qayd etilishi shubhasiz. Buning boisi, butun sobiq Ittifoq mamlakatlariga yoyilgan inqilob to‘lqinini boshlab bergan siyosatchi mo‘jazgina Gruzin davlatini dunyoga mashhur qilib yubordi.

«Gruziya davlatiga yangilanish va islohotlar kerak» shiori bilan maydonga chiqqan Saakashvili qarshisida sobiq SSSR davlatida juda katta nufuz qozongan, yuqori davralarda «kulrang tulki» laqabi bilan tanilgan Eduard Shevernadze turardi.

Biroq hali 40 ni ham qoralamagan yetakchi Shevernadze kabi ulkan figurani yiqita oldi va o‘z mamlakati G‘arb mamlakatlari, xususan, AQSh tomon yuz burishi, azaliy hamkor Rossiyadan voz kechishini e’lon qildi…

Mixail Saakashvili 1967 yilning 21 dekabrida Gruziya poytaxti Tbilisida dunyoga keldi. Saakashvilining tarjimai holida faqatgina tavallud maskani sifatida Gruziya yodga olinadi. Prezidentning o‘smirlik, yigitlik, talabalik va hatto dastabki ish faoliyat davri ham xorijda o‘tgan.

Gruziyaning bo‘lajak rahbari oliy ma’lumotni Ukrainada — Kiyev xalqaro aloqalar institutida oldi. Institutdagi tahsil davrida Amerika Kongressi stipendiyasiga sazovor bo‘lgan Saakashvili okeanorti mamlakatidagi nufuzli oliygohlardan biri Kolumbiya universitetida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Shu yerda dast­lab magistrlik ilmiy darajasini olgan Saakashvilining kelgusi hayotida AQSh katta o‘rin tutdi. U paytlarda bo‘lajak prezident kelajakdagi faoliyati, hatto davlat rahbarlik karerasi ham Vashingtonga bog‘liq bo‘lishini hali bilmasdi, albatta…

G‘arbona yashash tarziga va Amerika havosiga anchayin ko‘nikkan tbilisilik yigit ilm qilishga ahd qildi. Harakatlar samara berib, Mixail Saakashvili Jorj Vashinton nomidagi universitetda doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shu bilan gruziyalik tolibi ilmga jahonning barcha darvozalari ochildi. Chunki u doktorlik darajasini olgan universitet dunyoning manaman degan olimlari, siyosatchiyu iqtisodchilari, arbobu prezidentlari o‘qigan oliygoh edi.

Bu orada tabiatan tirishqoq va ilmga chanqoq bo‘lgan Saakashvili Frantsiyaning Strasburg shahrida joylashgan inson huquqlari institutini ham tamomladi.
Mixail Saakashvili ish faoliyatini Nyu-Yorkdagi advokatlik firmalaridan boshladi. Keyinroq Norvegiyadagi inson huquqlari institutida xizmatni davom ettirdi.
1995 yili Mixail Saakashvili Gruziya prezidenti Eduard Shevernadzening taklifi bilan vataniga qaytdi. O‘z atrofiga iqtidorli va bilimli yoshlarni yig‘ayotgan prezident Saakashvilining salohiyatiga to‘g‘ri baho berdi. Biroq Amerika, Frantsiya tuprog‘ini yalagan va demokratiya vatani suvini ichgan yigit bir kun kelib azim chinor — Shevernadzenida yiqitishi keksa arbobning xayoli ko‘chasiga ham kelmagandi…

Saakashvili shu yilning o‘zida Gruziya parlamenti deputatligiga saylandi. Qonun chiqaruvchi idoraning Konstitutsiya va qonunchilik masalalari qo‘mitasiga rais bo‘lgan paytda bo‘lajak rahbar endigina 28 ni qoralagandi. O‘sha paytdayoq Gruziya rahbariyati tarkibida kamdan kam uchraydigan — bir necha xorijiy tillarni biladigan, chet elda ko‘p vaqt yashab kelgan tbilisilik ancha uzoqlarga borishini ko‘pchilik bashorat qilgandi.

2000 yili Shevernadze Mixail Saakashvilini adliya vaziri lavozimiga tayinladi. Yangi g‘oya, yangi qarashlar bilan kelgan yosh arbob vazirlik vazifasida bir yil ham o‘tirmadi. 2001 yilning sentyabrida Saakashvili Shevernadze hukumatini poraxo‘rlik va korruptsiyada ayblab o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi. Katta avlod arboblar Saakashvilining sharttakiligini yoshlik va g‘o‘rlikka yo‘yishdi. Biroq «yosh, tajribasiz va g‘o‘r» deb ayblangan Saakashvili juda uzoqni ko‘zlagani keyinroq ma’lum bo‘ldi. Vazirlikdan ketib yana deputat sifatida saylangan arbob 2002 yildayoq Gruziya parlamenti raisligini egalladi.

Mixail Saakashvili mamlakat qonunchilik majlisi raisi sifatida ishni amaldagi prezident Shevernadzega qarshi kurash e’lon qilishdan boshladi. Shu tariqa keyinroq «atirgullar inqilobi» nomi bilan tarixga kiradigan, Shevernadzeni o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan voz kechishiga sabab bo‘ladigan katta siyosiy o‘yinlar boshlandi. Ukraina, Qirg‘izis­tondagi rangli qo‘zg‘olonlarga ilhom bergan Gruziya atirgullar inqilobiga Amerika tarbiyasini olgan gruzin yetakchilik qildi. Shu tariqa Vashinton universitetining doktori, Strasburg xalqaro instituti bitiruvchisi va yana bir qator nomdor unvonlar sohibi bo‘lgan 36 yoshli Mixail Saakashvili Gruziya prezidentligiga saylandi. Unga gruzin xalqining 95 foizi ishonch bildirdi.

Dunyoning eng yosh prezidentlaridan biri bo‘lgan Mixail Saakashvili tashqi siyosatda Yevropa davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikka asosiy e’tibor qaratadi. Bu jihatdan Gruziya rahbari siyosiy to‘ntarish jarayonida, keyinroq saylov paytida unga katta ko‘mak bergan okeanorti davlati homiyligini unutmaganini namoyish qiladi.

Saakashvili hukumati Vashington tomonidan yaxshigina qo‘llab-quvvatlanishi ma’lum. Dastlabki davrlarda Gruziya hukumati vazirlari, hatto prezidentning o‘ziga ham Amerika milliarderlari oylik maosh to‘lab turgani ham buni tasdiqlaydi.

Gruziyaning yangi rahbari tabia­tan o‘z qo‘l ostidagi vazir va rahbarlarga qattiqqo‘lligi, talabchanligi bilan tanilgan. Saakashvili rasmiy davralarda 1500 AQSh dollari maoshga qanoat qilayotgani, boshqalar ham undan ibrat olishlarini ko‘p bora ta’kidlaydi. Arboblar uchun tanish-bilishchilik va mahalliychilik qat’iy man etilgan. Poraga qo‘l urganlar esa birinchi bo‘lib jazoga tortiladi.

Yosh yetakchida qadimgi Sharq hukmdorlariga xos xislatlardan ham yo‘q emas. Prezident tunda kutilmaganda huquq-tartibot idoralari xodimlarining ziyrakligini sinash uchun qadam ranjida qilishi mumkin. Gruziya rahbarining istalgan vaqtda, ogohlantirishsiz vazirlar va boshqa arboblar idorasida hozir bo‘lishi ham odatga aylangan.
Yaqindagina ro‘y bergan yana bir voqea: hukumat yig‘ini ketayotgan bir paytda Saakashvilining ishorasi bilan majlisga bir necha shisha vino olib kirildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu gruzin vinosi sifatida Yevropada sotilayotgan, aslida esa boshqa davlatlarda tayyorlangan ichimlik ekan. Gruziya milliy iftixori bo‘lgan ichimlikning soxtalashtirilgani va bundan vazirlarning hattoki bexabarligi Saakashvilini g‘azablantirdi. Prezident bunga jazo sifatida bosh vazir va vazirlarga soxta gruzin vinosini majburlab ichirdi… Xullas, Mixail Saakashvili bilan ishlayotgan rahbarlarga oson tutib bo‘lmaydi.

Otashin nutqlari, ehtiroslarga to‘la chiqishlari bilan tanilgan Saakashvili g‘arbona rivojlanish yo‘lini jiddiy tartibda tanlagan ko‘rinadi. O‘z mamlakatini Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi (NATO)ga a’zo qilishga ahd qilgan prezident yaqinda kutilmagan bayonot bilan chiqdi: Gruziya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan chiqishi mumkin! Bu Gruziya yetakchisiga nisbatan «Amerikaning kuyovi», «amerikalik gruzin» tarzida ishlatilayotgan kinoyaviy ta’riflarni tasdiqlayotgandek.

Buning ustiga oxirgi paytlarda Gruziyada amaldagi prezidentga qarshi kayfiyat tobora kuchayib bormoqda. Saakashvili katta va’dalar bilan prezidentlik vazifasiga kirishganiga ham ikki yil bo‘ldi. Biroq o‘tgan davr mobaynida mamlakat iqtisodiy hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarish ro‘y bermadi. Bu esa Amerikada tahsil olgan yosh yetakchiga katta ishonch­ bildirgan gruziyaliklar hafsalasini pir qilayozdi.

O‘tgan oylar davomida poytaxt Tbilisida bir necha bor o‘tkazilgan va minglab fuqarolar ishtirok etgan norozilik chiqishlari bir paytlardagi Shevernadze iste’fosini talab qilib chiqqan namoyishlarni yodga soldi…

Sobirjon Yoqubov
www.hurriyat.uz