Mehmet Akarja: “Turkiyani parchalab tashlamoqchi bo‘lgan kuchlarning umidi chippakka chiqdi”

2016 yilning 15 iyul sanasi zamonaviy Turkiya tarixidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi rahbari, Bosh vazir maslahatchisi Mehmet Akarja (Mehmet Akarca) 17 oktyabr kuni Anqarada o‘tgan  “Tarix va milliy birlikni anglash” mavzusidagi xalqaro anjumanda ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo hamda Ozarboyjondan kelgan jurnalistlar bilan uchrashgan Mehmet Akarja 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinish haqida batafsil ma’lumot berdi.    

“FETÖ terrorchi tashkiloti 40 yil davomida yashirin ravishda faoliyat yuritib, davlat idoralariga o‘z tarafdorlarini kirgizishga uringan. Mazkur terrorchi tashkilot shu qadar maxfiy ish tutganki, hatto Turkiya Prezidentiga yaqin bo‘lgan va uning xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan mansabdorlardan biri FETÖ terrorchi tashkiloti tarafdori bo‘lib chiqdi. Menga qolsa, ularni farishta qiyofasidagi shaytonlar deb atagan bo‘lar edim”, – dedi Mehmet Akarja.

Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi rahbariga ko‘ra, mamlakat yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘onning jasorati va turk xalqining birdamligi tufayli bir guruh xoin harbiylarning davlat to‘ntarishiga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab murojaat yo‘llagan.

Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 240 dan oshiq shahid bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Mehmet Akarja jurnalistlar bilan uchrashuvda 15 iyul fitnasi ortida dunyoning yirik saltanatlari – geosiyosatning katta o‘yinchilari turganini ham qayd etdi.

“Davlat to‘ntarishiga urinish ortida yirik saltanatlar turgani sir emas. Terrorchilar esa ularning qo‘lida qurol bo‘ldi, xolos. G‘animlar yagona Turkiyani parchalab, parokanda qilmoqchi bo‘lishdi. Barqaror mamlakatni Suriya, Iroq kabi harb maydoniga aylantirishga qasd qilishdi. Ammo qasd qilganlar past bo‘ldi. Turkiyani parchalab tashlamoqchi bo‘lgan kuchlarning umidi chippakka chiqdi.  80 million nufusli turk xalqi bir tanu bir jon bo‘lib demokratik tuzum va farovon hayotni himoya qildi”, – dedi Mehmet Akarja.

Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi degan gap bor. Matbuot va axborot bosh boshqarmasi rahbariga ko‘ra, Turkiyada ro‘y bergan mazkur fitnadan Markaziy Osiyo davlatlari ham kerakli xulosa chiqarib, xatolarni takrorlamasligi lozim. Xususan, Fathulla Gulen rahbarlik qilayotgan terrorchi tashkilotning din, ma’rifat kabi jozibali g‘oyalariga aldanib qolmaslik darkor.

Mehmet Akarja bu borada muayyan voqea-hodisalar xususida ijtimoiy fikrni shakllantiruvchi ommaviy axborot vositalarining mas’uliyati katta ekanini ta’kidladi.

Bu o‘rinda Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim dunyo matbuotini 15 iyul voqealarini yoritishda “qora propaganda” vositalaridan foydalanishda ayblaganini eslatib o‘tish joiz. Bosh vazir huzuridagi bosh boshqarma rahbari mulohazalari ham hukumat rahbari fikrlariga hamohang yangradi.

Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on demokratik yo‘l bilan saylangan davlat boshqaruvi idoralariga qarshi chiqqan harbiylarni caraton o‘smasiga o‘xshatgan va barcha boshqaruv organlari bunday viruslardan tozalanishini aytgan edi.

Turkiyaning yaqin tarixiga nazar solinsa, 1960, 1971, 1980 va 1997 yillarda harbiylar davlat to‘ntarishlarini amalga oshirganini ko‘rish mumkin. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon jurnalistlarining tashrifi doirasida Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi binosida mazkur davlat to‘ntarishlariga bag‘ishlangan suratlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Sobir Salim

Anqara