Hozir «qizil sayyora» ekvatoridagi Geyla krateri atrofida odimlayotgan robotlar yuborayotgan va NASA rasmiy saytlariga joylashtirilayotgan suratlar yaponiyalik olimlar tomonidan ham sinchiklab o‘rganilmoqda. Shu munosabat bilan yapon saytlarida «Marsdagi kaltakesak» sarlavhali xabar tarqatildi. Haqiqatan ham, toshqotgan kaltakesak rasmi Yerdagi jonivorlarga o‘xshaydi. Suratda kaltakesak panjalari va boshi, dumi yaxshi farqlanib turibdi. Barcha a’zolari va hatto qoramtir yashil tusi ham uni aynan kaltakesak deyishga asos beradi. Aslida bu marslik jonivor boshqa maxluqot bo‘lishi ham mumkin. Hamma narsaga ishonchsizlik bilan qaraydiganlar esa, NASA saytidagi «suratning originalida kaltakesakka o‘xshab ketadigan toshdan boshqa hech vaqo yo‘q, yaponlarning o‘zi suratni kaltakesakka o‘xshatib bo‘yagan», deyishmoqda. Bundan tashqari, yana ikkita taxmin ham ilgari surilmoqda: ularning birida kaltakesak Marsning o‘ziniki, bu yerda hayot bor, deb ta’kidlansa, ikkinchisida «qizil sayyora»da hayot uchun sharoit mavjudligini isbotlash uchun u Yerdan robotlar bilan birga olib chiqilgan deyilmoqda.
Mars sayyorasi yuzasini tadqiq etayotgan Curiosity apparati «qizil sayyora» atmosferasi tarkibida uglerod va argon gazining og‘ir izotoplari miqdori yuqori ekanligini aniqladi. Bu Mars atmosferasining yoyilish jarayoni, birinchi navbatda, uning yuqori qatlamlarida yuz berganini bildiradi.