Markaziy Osiyo savdo forumi ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda

17 oktyabr kuni Toshkentda nufuzli xalqaro tadbir –  VIII Markaziy Osiyo savdo forumi  (CATF) boshlandi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan ushbu tadbirda jahonning 27 ta mamlakatidan 1000 dan ortiq davlat va xususiy biznes vakillari qatnashmoqda.

O‘zbekistonda ilk bora bo‘lib o‘tkazilayotgan forum mintaqaviy savdoni kengaytirishga ko‘maklashuvchi ishlab chiqaruvchilar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda mintaqadagi chegaralararo savdoni kengaytirish uchun muloqot vositasi hisoblanadi, deb xabar beradi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Bu yilgi forum “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” deb atalib, u Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochilib borilayotgani, biznes imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

AQShning O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Alan Melttser forumda so‘zga chiqib, Markaziy Osiyo savdo forumi kabi uchrashuvlar muhimligini ta’kidlagan.

“Tobora murakkablashayotgan va o‘zaro aloqalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan yangi-yangi muammolarga duch kelmoqdamiz. Aytish kerakki, yangi muammolar yangi imkoniyatlarni ham ochib beradi. Bugun bizga ish hamkorligini yo‘lga qo‘yish, g‘oyalar almashish va yangi bozorlarga kirish imkonini beruvchi ushbu forum kabi tadbirlar har qachongidan ham zarur”, – dedi A.Melttser.

Anjuman doirasida savdo ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda. Unda mintaqaning turli tarmoqlar, jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash korxonalari ishtirok etmoqda.

Bu – AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo va ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihasidir. Bu orqali mintaqaviy darajada korxonalarni rivojlantirish,  xususiy sektor raqobatbardoshligini mustahkamlash va eksportni kengaytirish ko‘zda tutilgan. Aniqroq aytganda, xalqaro mashvarat mintaqaning beshta mamlakatida meva-sabzavotchilik, turizm, transport va logistika sohalarida aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, eksportni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan.

Markaziy Osiyo savdo forumi dunyo bo‘yicha 70 milliondan ziyod hamkor va biznes doira vakillarini o‘z atrofiga birlashtiradi. Mazkur yirik tadbirning Toshkentda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlari bilan dunyo hamjamiyatini tanishtirish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lib xizmat qiladi.