Foto: EMGS
17 mart kuni Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida ta’lim sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan Malayziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalar qatori ta’lim yo‘nalishida ham aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Diplomat o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlar Malayziyaning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turuvchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniga ega ekanini ta’kidladi.
Education Malaysia Global Services (EMGS) dunyo bo‘ylab Malayziya ta’lim tizimini targ‘ib etish bilan shug‘ullanadi. Malayziya oliy ta’lim vazirligi qoshida ta’sis etilgan mazkur tashkilot xorijlik talabalarga yaqindan ko‘mak beradi. Toshkentdagi davra suhbatida mazkur tashkilotning mintaqaviy menejeri Raja Muhammad Fariz Raja Eyuddin ham qatnashdi va Malayziya ta’lim tizimi xususida taqdimot o‘tkazdi.
Foto: Askar Yakubov
Xo‘sh, Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan ushbu mamlakatda tahsil olishning qanday afzalliklari bor? EMGS vakili bu borada sakkiz muhim jihatni sanab o‘tdi.
- Jahon darajasidagi ta’lim sifati. Malayziyadagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglarda yuqori o‘rin egallaydi. QS reytingiga mazkur mamlakatning 35 ta universiteti kiritilgan.
- Zamonaviy va taraqqiyparvar o‘lka. Malayziya – shiddat bilan rivojlanayotgan zamonaviy mamlakat. Bu yerda yashash uchun qulay sharoit va ilg‘or transport tizimi mavjud. Halol oziq-ovqatlar esa musulmon dunyosi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
- Ingliz tilida tahsil olish imkoni. Malayziyada ingliz tili juda keng tarqalgan, ushbu xalqaro tilni talab darajasida bilgan talaba bemalol nufuzli OTMlarda o‘qiy oladi.
- Strategik joylashuv. Malayziya qulay strategik mintaqada, Osiyoning yuragida joylashgan. Bu yerdan qo‘shni yo‘nalishlarga tez va soz safar qilish mumkin.
- Qulaylik. Malayziya barcha jabhalarda – ta’lim uchun to‘lovdan tortib yegulikka qadar qulaylik taklif etadi. Shartnoma puli ham boshqa davlatlarga solishtirganda sezilarli miqdorda arzon.
- Tinch va xavfsiz o‘lka. Global Security Index hisobotiga ko‘ra, Malayziya tinchlikparvar davlatlar ro‘yxatida 20-o‘rinda qayd etilgan. Jamoat xavfsizligi yuqori darajada ta’minlangani, jinoyatchilik sezilarli kamligi talabalar uchun ham ayni muddaodir.
- Ko‘p madaniyatli jamiyat. Turli madaniyat va e’tiqod egalari ahil-totuv yashab kelayotgan mamlakatda chet ellik talabalar uchun ham do‘stona muhit mavjud. Tolibi ilmlar turli madaniyat va tillar bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega bo‘ladi.
- Qaynoq va zavqli hayot. Malayziyada tahsil olish jarayonida talabalar mamlakatning betakror tabiati, sirli orollariga sayohat qilishi ham mumkin. Bu esa olam-olam zavq bag‘ishlaydi, dunyoqarashning kengayishiga xizmat qiladi.
EMGS mintaqaviy menejeri o‘z taqdimotida Malayziya oliy ta’lim tizimi axborot texnologiyalari, menejment, muhandislik, kimyo, tibbiyot, iqtisodiyot, islom moliyasi, dizayn kabi yo‘nalishlarda yuqori reytinglarga ega ekanini qayd etdi. Bu boradagi batafsil ma’lumotni EMGS saytidan olish mumkin.
EMGS tomonidan tayyorlangan quyidagi videolavhada o‘zbekistonlik talaba Malayziyada tahsil borasidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan:
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda Malayziyada 100 mingdan ziyod xorijlik talaba tahsil olmoqda. Mamlakat YuNESKO tomonidan chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyo o‘ntaligiga kiritilgan. Birgina 2021 yilda Malayziya OTMlariga 150 ga yaqin davlatdan 40 mingdan ziyod talaba qabul qilingan. 2022 yilda bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.
Shu mavzudagi maqolalar:
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. 21.02.2022
Toshkentda “Malayziya kuni” qanday o‘tdi? 15.12.2021