Samarqand shahridagi Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilk bitiruvchi talabalariga Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Nensi Shukri o‘z tabriknomasini yo‘lladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
“Malayziya va O‘zbekiston uzoq yillik bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik an’analariga asoslangan mustahkam tarixiy va madaniy aloqalarga ega. Bugungi kunda turizm va madaniyat do‘st mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning strategik yo‘nalishlari hisoblanadi”, – deb yozadi Malayziya vaziri.
Nensi Shukri xonim o‘z nomasida Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universitetini muhim voqea – oliy bilim yurtining birinchi qaldirg‘ochlari bo‘lmish yosh mutaxassislarning katta hayotga qadam tashlayotgani bilan samimiy qutlagan.
“Aziz bitiruvchilar, siz mamlakatingiz va Markaziy Osiyoning mehmondo‘stlik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishingizga ishonaman. Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm aloqalarini birgalikda jadallashtiraylik! O‘zbekistondagi barcha do‘st va hamkorlarimizga yangi muvaffaqiyatlar tilayman”, – deyiladi maktubda.
Shu mavzudagi maqola:
Malayziya sayyohlarga chegaralarini to‘liq ochmoqda. 06.04.2022