Malayziya podshohi va qirolichasi. Foto: “The Star”
Malayziyada bo‘lib o‘tgan sakkizinchi Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) An’anaviy to‘qimachilik simpoziumida O‘zbekiston hunarmandlari ham ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Simpozium Malayziya qirolichasi Aziza Amina Iskandariya shafeligida va uning rahbarligi ostidagi Paxang qirollik an’anaviy kashtachilik jamg‘armasi (Royal Pahang Weave Foundation) ko‘magida o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish marosimida Malayziya podshohi Abdulloh Riayatuddin Al-Mustafo Billoh, uning rafiqasi hamda mamlakat bosh vaziri Ismoil Sabri bin Yakob ishtirok etdi.
Simpoziumning asosiy maqsadi an’anaviy to‘qimachilik mahsulotlarini asrash, rivojlantirish va keng targ‘ib qilish hamda Osiyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy aloqalarni jadallashtirishdan iborat.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston stendida namoyish etilayotgan milliy kashtachilik, zardo‘zlik mahsulotlari, atlas va adras matolari ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi. Xususan, Malayziya qirolichasi O‘zbekiston stendiga tashrif buyurdi va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Biz An’anaviy to‘qimachilik simpoziumida ishtirok etayotgan O‘zbekiston vakillariga cheksiz minnatdorligimizni izhor etamiz. Mazkur anjuman Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasining eng yirik tadbirlaridan hisoblanadi. Uning qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda va bu yo‘nalishda oldimizga katta marralar qo‘yganmiz. Keyingi yillarda barcha Markaziy Osiyo davlatlaridan, xususan, O‘zbekistondan kengroq ishtirokni kutib qolamiz.
Malayziya va O‘zbekistonning tarixiy ildizlari, dini, madaniyati, an’ana va qadriyatlari mushtarak ekanini inobatga olgan holda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni jadallashtirish tarafdorimiz.
So‘nggi yillarda o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, amaliy san’ati, hunarmadchilik an’analarini asrash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar juda ahamiyatlidir. Men bugun mamlakatingiz stendiga shaxsan kelib, an’anaviy kashtalar, ipak matolar va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdim. O‘zbek hunarmand qizlari yordamida to‘qishning yuksak mahorati bilan tanishdim. Bunday matolar va noyob buyumlar o‘ziga xos dekorativ xususiyatlari va ranglar uyg‘unligi bilan insonni o‘ziga jalb etadi.
Kelajakda hunarmandchilik sohasidagi tadbirlarda Malayziya va O‘zbekiston hunarmandlarining ishtirokini jadallashtirish, ipak matolarini tayyorlash yo‘nalishida ilg‘or tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishni muhim deb hisoblayman”, – dedi Malayziya qirolichasi Aziza Amina Iskandariya.
An’anaviy to‘qimachilik simpoziumi 2005 yildan buyon har ikki yilda ASEANga a’zo davlatlardan birida bo‘lib o‘tadi. Joriy yilgi tadbirda uyushmaga a’zo davlatlardan tashqari O‘zbekiston maxsus mehmon sifatida o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Mavzuga doir maqola:
Malayziya vaziri: “Turizm va madaniyat – O‘zbekiston bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlari”. 07.07.2022