Mahmud Koshg‘ariy nomidagi V xalqaro hikoyalar tanlovining O‘zbekiston bosqichi g‘oliblari aniqlandi

Evrosiyo Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilayotgan Mahmud Koshg‘ariy nomidagi V xalqaro hikoyalar tanlovining O‘zbekiston bosqichi yakunlandi. Xalqaro ijodiy bellashuvning O‘zbekiston bosqichi www.ziyouz.uz portali tomonidan tashkil etildi.

Tanlov shartiga ko‘ra, ijodkorlar hali matbuotda chop etilmagan, erkin mavzudagi hikoyalarini taqdim etishi ko‘zda tutilgan edi. Hay’at e’tiboriga jami 154 ta hikoya havola etildi. Ishtirokchilar orasida professional yozuvchilar bilan bir qatorda havaskor qalamkashlar ham bo‘lganini qayd etish joiz. Tanlovda nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Hollandiya kabi davlatlarda yashab ijod qilayotgan o‘zbekzabon adiblar ham ishtirok etgani quvonarlidir.

Tanlovga yuborilgan hikoyalar yetakchi adabiyotshunos olim, professor,  yozuvchi va muharrirlar tomonidan baholandi (xolislikni ta’minlash maqsadida hakamlar ism-sharifi va ularga taqdim etilgan hikoyalar mualliflari nomi sir tutildi). Hakamlar bergan baho hisoblanib, eng ko‘p e’tirof etilgan hikoyalar g‘olib deb topildi.

Demak, Mahmud Koshg‘ariy nomidagi  V xalqaro hikoyalar tanlovining O‘zbekiston bosqichi g‘oliblari bilan tanishing:

1-o‘rin. Nurulloh Muhammad Raufxon. “Qiyomat” hikoyasi.
2-o‘rin. Isajon Sulton. “Tuman” hikoyasi.
3-o‘rin. Bahodir Qobul. “Otahayot” hikoyasi.

O‘zbekiston bosqichi g‘oliblariga quyidagi pul mukofoti taqdim etiladi:

1-o‘rin – 2500 turk lirasi
2-o‘rin – 1500 turk lirasi
3-o‘rin – 1000 turk lirasi

G‘oliblarga mukofotlar oktyabr oyida topshiriladi. Hududiy bosqichda 1-o‘ringa munosib ko‘rilgan hikoya xalqaro tanlovning yakuniy bosqichiga tavsiya etildi.

Yakuniy bosqichda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Xitoy, Iroq, Eron, Gretsiya, Bolgariya, Kosovo, Kipr, Makedoniya, Ruminiya kabi mamlakatlar, shuningdek, Boshqirdiston, Tatariston, Chuvashiston, Xakasiya, Yoqutiston, Oltoy, Tuva, Qrim, Gagauziya, Kavkaz (qumuq, no‘g‘ay, qorachoy-bolqor) kabi o‘lkalarda yashovchi turkiyzabon qalam ahli  g‘oliblik uchun bellashadi.

2018 yil noyabr oyi davomida yakuniy bosqichga tavsiya etilgan ijodiy ishlar baholanib, g‘oliblar nomi e’lon qilinadi. Xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi esa 2018 yil dekabr oyida Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi.

Yakuniy bosqich g‘oliblariga quyidagi pul mukofoti taqdim etiladi:

1-o‘rin – 20000 turk lirasi
2-o‘rin – 15000 turk lirasi
3-o‘rin – 10000 turk lirasi.

Tanlov doirasida, shuningdek, rag‘batlantiruvchi mukofot (5000 turk lirasi) ham ta’sis etilgan.