Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza etishda qonun buzilishi holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura tomonidan madaniy meros va turizm sohasidagi qonunchilik ijrosi o‘rganilmoqda. Qashqadaryo viloyatida 1 ming 468 tarixiy ob’ektda o‘tkazilgan o‘rganish davomida bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

18 ta madaniy meros ob’ektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan. Masalan, Yakkabog‘ tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavratsiya qoidalariga zid ravishda ta’mirlangan. Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar yetkazilgan.

Madaniy meros ob’ektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan. Yakkabog‘ tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidandir.

Viloyatdagi 35 tarixiy ob’ekt ta’mirtalab, avariya holatiga kelib qolgan, 10 ta madaniy meros ob’ektidan noqonuniy foydalanib kelingan. 5 ta madaniy meros ob’ektiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros ob’ektida yong‘in xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgani aniqlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.