Xitoyning Lyanyungan shahri yaqin yillarda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning yirik logistikaga markaziga aylanadi. Chin yurtiga safar qilgan o‘zbekistonlik jurnalistlar delegatsiyasi ushbu shaharda ham bo‘lib, transport-logistikani rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Szyansu provintsiyasining sharqiy sarhadida joylashgan Lyanyungan shahri savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga intilmoqda. Lyanyungan g‘oyat qulay jug‘rofiy hududda joylashgan bo‘lib, ilg‘or dengiz, avtomobil va temir yo‘llariga ega.
Bu yerda ShHT xalqaro logistika markazi bunyod etilishi belgilangach, mazkur port shaharning ahamiyati yanada oshdi. Shahar dengiz yo‘li orqali Yaponiya hamda Koreya yarimoroli, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari bilan bog‘langan. Ulkan kemalarda keltirilgan tovar va mahsulotlar esa temir yo‘l hamda avtomagistrallar orqali Markaziy Osiyo hamda Yevropaga yetkaziladi.
Xabaringiz bor, 2013 yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan “Bir belbog‘, bir yo‘l” deb atalgan global tashabbus ilgari surildi. Ushbu tashabbus quruqlik (“Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i”) hamda dengizda (“XXI asr dengiz ipak yo‘li”) yirik xalqaro loyihalarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Globallashuv jarayoni mamlakatlar o‘rtasidagi robitalarni kuchaytirib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishni taqozo etmoqda. Bu jihatdan, “Bir belbog‘, bel yo‘l” tashabbusi 60 dan oshiq davlat, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga jahon bozorlariga chiqishning yangi yo‘llarini ochishi kutilmoqda.
Lyanyungan shahri ham “Bir belbog‘, bir yo‘l” tashabbusida muhim o‘rin tutadi. Xususan, 44,89 kv. km maydonni egallagan ShHT xalqaro logistika markazi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlaydi, mahsulotlarni Yevropaga qadar yetkazishni ta’minlaydi.
Hozirda bu yerda Xitoy-Qozog‘iston logistika kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Kompaniya bosh direktori Lyu Binning qayd etishicha, savdo-iqtisodiy munosabatlarda O‘zbekistonning o‘rni muhim. Kompaniya orqali o‘tayotgan yukning 72 foizi O‘zbekistonga yuborilayotgani ham buni tasdiqlaydi.
Qayd etish joizki, mazkur logistika markazining rivojlantirilishi mahsulot tannarxini kamaytiradi. Shuningdek, ularni yetkazib berish vaqtini qisqartiradi. Masalan, tovar va mahsulotlar Yevropaga dengiz yo‘li orqali 40 kunda yetkazilsa, temir yo‘lda 14 kun kifoya qiladi. Shu bois ham Xitoy rahbariyati “Yangi Yevroosiyo kontinental ko‘prigi” deb atalayotgan yirik loyiha doirasida Lyanyungan portiga alohida e’tibor qaratmoqda. U davlat ahamiyatiga molik namunali naqliyot markaziga aylantirilmoqda.
Xalqaro logistika markazi loyihasi O‘zbekiston uchun ham manfaatlidir. 2017 yil may oyida Pekinda o‘tgan “Bir belbog‘, bir yo‘l” xalqaro forumida qatnashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, ushbu loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini bayon etgan edi. Davlatimiz rahbari, jumladan, Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa bilan bog‘laydigan transport-logistika yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan kompleks harakatlar dasturini ishlab chiqish muhimligini ta’kidlagandi.
Xitoyning sharqiy darvozasi sanalgan Lyanyungan taraqqiyot sari yuz burgan. Bu yerda amalga oshirilayotgan jadal qurilish ishlari, xususan, xalqaro logistika markazi bunyod etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar 5,3 million nufuzli Lyanyungan yana bir necha yildan keyin mamlakatning obod va ma’mur shaharlaridan biriga aylanishidan dalolat berib turibdi.
S.Salim
Muallif olgan suratlar