O‘tgan kuni Isroil aviatsiyasining qaqshatqich bomba yog‘dirishi natijasida Livan janubidagi Kana qishlog‘i tamomila vayronaga aylandi. Bu haqda Livan matbuoti hamda jahon ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, navbatdagi hujum natijasida livanlik tinch aholining 50 ka yaqini qurbon bo‘lgan, yuzlab kishilar vayronalar ostida qolgan. Isroil armiyasining saralangan «Golani» guruhidan tashkil topgan harbiylar ertalab Bint-Jubayldan shimoli-sharqda joylashgan Toyibiy tumanida «Hizbulloh» guruhi askarlari bilan hujumga kirishgan. Shiddatli tus olgan jangda Isroil tomonidan 12 tank va zirhli mashinalarda piyodalar qismi ishtirok etgan.
ITAR-TASS axborot mahkamasining xabar berishicha, yakshanba kuni Isroil tomoni to‘plardan Livan hududini o‘qqa tutgan. Aviatsiya Al-Xiyom shaharchasiga tinimsiz bomba yog‘dirgan. «Hizbulloh» jangarilari o‘z navbatida Isroil askarlari bosib olgan Zaur va Abbosiya hududlaridagi nuqtalarni minomyotlardan o‘qqa tutgan. Shuningdek, Isroil shimoliy hududlaridagi to‘rt aholi punktiga «Katyusha» rusumidagi raketalardan otilgan. Ertalab esa Isroilning Hayfa shahriga bir necha raketa tushgan.
O‘tgan kun davomida «Hizbulloh» Isroilning shimoliy hududlariga 100 dan oshiq raketa hujumi uyushtirgan. Isroilning Nagariya, Akko, Safed (Sfet) va Karyat-Shmona shaharlari raketa hujumiga tutilgan. Isroil OAVning xabar berishiga qaraganda, 20 dan oshiq kishi jarohat olgan.
O‘tgan haftaning shanba kuni esa Frantsiya BMT Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga Livandagi xunrezlikni zudlik bilan to‘xtatish, mamlakat hududiga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish bo‘yicha o‘zining rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi. ITAR-TASS axborotlarida BMT Bosh kotibi Kofi Annanning Frantsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlagani, Isroil tomonidan xalqaro me’yorlar va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli talablariga qat’iy rioya etishni talab qilgani aytiladi.
Dushanba kuni Bosh kotib xalqaro tinchlikparvar kuchlar tarkibiga o‘z qo‘shinlarini yuborish istagini bildirgan davlatlar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Yevroittifoqqa kiruvchi 25 davlat, Turkiya hamda ayni damda tinchlikparvar qo‘shinlari Livanda bo‘lgan davlat vakillari ishtirok etdi.
Yaqin Sharqda Isroil-Livan muammosi bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays hafta davomida bu yerda bo‘lishi lozim edi. Ammo vaziyatning nazoratdan chiqib ketgani, urush harakatlarining tobora shiddatli tus ola boshlagani hamda Livandagi tinch aholining halok bo‘layotgani sababli Rays safar rejasini o‘zgartirib, zudlik bilan Vashingtonga qaytishga qaror qildi. Bunga qadar u Kofi Annan bilan uchrashib, AQSh tomonining rezolyutsiyasi xususida Bosh kotib bilan muzokara olib borgan edi.
Biroq hozirda Frantsiya taklif etgan rezolyutsiya Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga taqdim etilishi kutilyapti. Parij taklif etgan loyihada tomonlarni hech qanday shartlarsiz urush harakatini to‘xtatishi, «Hizbulloh»dan asirga olingan Isroil askarlari hamda Isroil turmalaridagi livanliklarni ozod qilish nazarda tutilgan.
«Hurriyat» gazetasidan olindi.