AQSh koronavirusga qarshi kurashish doirasida O‘zbekistonga 273780 doza “Pfizer” vaktsinasi hadya qildi. Bu 800280 doza vaktsinaning ikkinchi partiyasidir. 526,5 ming dozadan iborat birinchi partiya 18 oktyabrda Toshkentga yetkazib berilgan.
Ushbu hadya Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining koronavirus bilan bog‘liq global COVAX tashabbusi orqali dunyo bo‘ylab beg‘araz tarqatayotgan xavfsiz va samarali 1,1 milliard doza vaktsinaning bir qismidir, deb xabar beradi AQSh elchixonasi matbuot xizmati.
“Biz vaktsinalarni biror shartlarsiz yetkazib bermoqdamiz. Bu vaktsinalar insonlar hayotini saqlab qolish va pandemiyani tugatishga yordam berish uchun tarqatilmoqda. Ushbu yuqumli kasallikdan xoli va xavfsizroq dunyoni barpo etish uchun biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz”, – dedi AQShning mamlakatimizdagi elchisi Deniel Rozenblyum.
AQSh joriy yil 29 iyul kuni ham O‘zbekistonga COVAX dasturi doirasida 3 million 60 doza “Moderna” vaktsinasini beg‘araz ko‘mak tariqasida taqdim etgan edi. Shuningdek, COVAX (COVID-19 vaktsinasidan dunyo miqyosida teng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbus) doirasida AQSh hukumati qisman moliyalashtirgan “AstraZeneca” vaktsinasining bir millionga yaqin dozasi ham mamlakatimizga keltirilgan.
Bundan tashqari, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vaktsinalarni xavfsiz va samarali tarqatish, jumladan, tibbiyot xodimlarini o‘qitish, vaktsinani kerakli yerga yetkazish hamda odamlarni emlanishga rag‘batlantirishda yurtimizni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Pandemiya boshlanganidan buyon USAID keng ko‘lamli testlar uchun milliy laboratoriya tizimlarini kuchaytirish, laboratoriya va sog‘liqni saqlash muassasalarida infektsiyalarni nazorat qilish, diagnostika qobiliyatini oshirish, COVID-19 kuzatuvi va unga tezkor javob berishni yaxshilash, infektsiya yuqtirgan odamlarni davolashni kuchaytirish, jamoatchilikning koronavirus haqidagi xabardorligini oshirish hamda jamoa ishtiroki va ko‘ngillilarni safarbar qilishda O‘zbekiston bilan yaqindan ish olib bormoqd.
Qo‘shma Shtatlar JSSTning COVAX global vaktsina tashabbusi doirasida eng yirik donor hisoblanadi.
“AQSh dunyo miqyosida COVID-19ga tegishli javob qaytarishni boshqarishga sodiqdir, chunki shunday qilish to‘g‘ri ishdir va u ham amerikaliklar, ham o‘zbekistonliklar uchun birday xatarsizdir. Biz pandemiyani tugatish va yaxshiroq dunyoni barpo etishda O‘zbekiston bilan birga ish olib borishdan faxrlanamiz”, – deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.
AQSh prezidenti Jo Bayden joriy yil iyun oyida kam daromadli mamlakatlarga kovidga qarshi emdorilarni xayriya qilish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu rejaga ko‘ra, yarim milliard dozaning 200 millioni joriy yil yakuniga qadar, qolgan 300 millioni esa 2022 yilning birinchi yarmida to‘liq yetkaziladi.