Komilov–Blinken uchrashuvi: O‘zbekiston va AQSh bosh diplomatlari nimalarni muhokama qildi?

Foto: Jim Watson/AFP

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 9 mart kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning dolzarb masalalari, jumladan, qo‘shni Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat muhokama qilindi.

Davlat departamenti matbuot xizmati xabar berishicha, rasmiy Vashington Afg‘oniston va Ukraina xalqlariga ko‘rsatayotgan gumanitar yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Afg‘oniston terrorchilar uchun boshpana bo‘lib qolishiga aslo yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

E.Blinken hamkasbi bilan suhbat chog‘i Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganini xalqaro huquq me’yorlarining poymol etilishi o‘laroq qoralagan.

Davlat kotibi O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi islohotlar davom etishiga xayrixohlik bildirgan.

“Biz AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik hamkorlikni va uning doirasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuksak baholaymiz. Biz O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga butkul sodiqmiz va sodiq bo‘lib qolamiz”, – dedi E.Blinken.

2015 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlarining “S5+1” formatidagi muloqotiga asos solingan edi. Tashqi siyosat mahkamalari uchrashuvida ushbu doiradagi hamkorlikning amaliy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Eslatib o‘tamiz, Ukrainada urush boshlanishi ortidan joriy yil 28 fevral kuni “S5+1” formatida videoanjuman tashkil etilgan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh tashqi ishlari vazirlari o‘zaro maslahatlashgan edi.

2021 yildan boshlab O‘zbekiston va AQSh yillik siyosiy maslahatlashuvlar formati strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarildi. Jumladan, 2021 yil 13 dekabr kuni davlat kotibining yordamchisi Donald Lu hamda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisida ishtirok etdi.

A.Komilov va E.Blinken o‘rtasidagi muzokaralarda strategik sheriklik muloqoti alohida ahamiyat kasb etishi ham qayd etilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Vashingtonda AQSh ma’muriyati vakillari, Kongress a’zolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.

C.Calim