Mafiya haqida so‘z ketsa, ko‘pchilik tasavvurida tsezarlar yurti Italiya gavdalanadi. Bu holatni birgina mamlakatning mafiya vatani bo‘lgani bilan izohlash yetarli emas. Yevropaning «yuragi»da joylashgan Italiyada, yana deng, ma’rifat asri sanalgan yangi yuz yillikda, hali ham mafiyaning, ya’ni noqonuniy jinoiy to‘dalarning ta’siri kuchli ekanini ko‘rish mumkin. Bu holat Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimdagi vakillari tomonidan ham xavotir bilan tilga olingan.
Shu kunlarda Italiya jamoatchiligi haddidan oshgan maxfiy jinoiy guruhlarning qilmishlarini yana qizg‘in muhokama qilyapti. Gap shundaki, bundan bir necha kun muqaddam Italiya kichik korxonalar assotsiatsiyasi — Confesercenti tashkiloti mamlakatdagi iqtisodiy rivojlanish holati, bu jarayonda ishbilarmonlarga yaratilayotgan sharoit yuzasidan hisobot e’lon qilgan edi.
Mazkur uyushma tomonidan tayyorlangan va Italiya hukumatiga taqdim etilgan hujjatda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga tushov bo‘lib turgan illatlar, xususan, mafiyaning kirdikorlari tahlil etilgan.
Hujjatda Italiyadagi maxfiy jinoiy uyushmalarga tegishli kompaniyalar juda katta miqdorda daromad olishi qayd etilgan. Bunga ko‘ra, mafiyaning yillik moliyaviy mablag‘lar aylanmasi 90 milliard yevroni tashkil etadi. Bu raqam Italiya yillik yalpi ichki mahsulotining oz emas, yetti foiziga to‘g‘ri keladi.
86 betdan iborat hujjatda butun dunyoda nom chiqargan italyan mafiyasining qaysi sohalardan daromad olayotgani batafsil ko‘rsatilgan. Qiziq jihati, parda ortidagi hokimiyat deb baholanadigan jinoiy to‘dalar eng ko‘p daromadni sudxo‘rlik orqasidan topar ekan. Hisobotda aytilishicha, birgina o‘tgan yil davomida 150 mingdan oshiq ishbilarmon uyushgan guruhlar tasarrufidagi mablag‘lardan katta-katta foizlar evaziga foydalangan. Mafiyaning keyingi asosiy daromad manbai noqonuniy savdo sanaladi. Italiyaning turli shaharlarida ochilgan savdo nuqtalaridan 13 milliard yevro miqdorida tushum qayd etilgan.
Tabiiyki, maxfiy to‘dalar faoliyatini firibgarlik, tovlamachilik, odamlarni garovga olish kabi jinoyatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Don Karleonening vatandosh va izdoshlari o‘tgan yili reketdan 10 milliard, o‘g‘irlikdan 7 milliard, firibgarlik va hujjatlarni soxtalashtirishdan 4,6 milliard, qimor o‘yinlaridan 2,5 milliard, kontrabandadan 2 milliard yevro daromad olishgan.
Bugungi kunda shou-biznesga aylanib ketgan san’at mafiya guruhlari uchun ham ulkan daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Amalda ko‘plab mashhur qo‘shiqchilar, yulduzlarni o‘z qaramog‘iga olgan jinoiy to‘dalar ularning ijodiy faoliyatidan mo‘may foyda qilishda foydalanyapti. Ya’ni panadagi norasmiy peshvolar san’atning turli yo‘nalishlari ustidan ham o‘z hukmini o‘tkazishga urinyapti. Shu bilan birga qaroqchilik yo‘li bilan, ya’ni mualliflik huquqini poymol etgan holda sotilayotgan disklar, kassetalar ham ulkan mablag‘lar keltirmoqda. Confesercenti tashkiloti xulosasiga ko‘ra, o‘tgan yil mobaynida qaroqchilik mahsulotlari savdosidan mafiya g‘aznasiga 7,4 milliard yevro kelib tushgan.
Mafiya guruhlari hamma vaqt ham ko‘pchilik nazaridan chetda bo‘lgan, ammo juda katta daromad keltirishi mumkin bo‘lgan sohalarga ko‘z tikadi. Tadqiqotlarga qaraganda, italyan mafiyasi oxirgi yillarda qotillik, odam savdosi, reketdan ham xavfliroq bo‘lgan faoliyat yadro qoldiqlarini sotish va plutoniy ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanyapti.
Aslida Italiya mafiyasining yadro qoldiqlarini yashirin sur’atda sotayotgani to‘g‘risidagi ovozalar 1990 yillarda paydo bo‘lgan edi. O‘shanda mamlakat prokuraturasi ENEA – yadro energiyasi bo‘yicha milliy agentlikning mafiya bilan hamkorlik qilgan va mutlaqo maxfiy mahsulotlarni pora evaziga berib yuborgan xodimlariga qarshi jinoiy ish ham ochgan edi. Lekin oradan salkam yigirma yil o‘tgan bo‘lsada, tekshiruvni yakunlash imkoni bo‘lmayapti. Chunki mafiyaning ayrim rahbarlari jalb etilgan jinoiy ish guvohlari sirli ravishda g‘oyib bo‘lyapti yoki o‘ldirib ketilyapti.
Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri sanalgan Italiya uchun mafiyaga qarshi kurash masalasi eng og‘riqli nuqta bo‘lib qolyapti. Mamlakatning janubiy hududlari — Sitsiliya, Kampane, Kalabriya va Apuliyada mafiya ta’siri kuchli. Tadqiqotlarga qaraganda, Italiyada har kuni biznesmenlarga qarshi 1300 ta jinoyat sodir etiladi. Bu har soatda ellikta ishbilarmonning haqqiga xiyonat qilinadi deganidir. Tabiiyki, bunday qaltis sharoitda xorijlik sarmoyadorlar ham biror bir faoliyatni yo‘lga qo‘yishga jur’at qilishavermaydi.
Bu holatni huquq idoralarining o‘zi ham ochiq e’tirof etmoqda. Italiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Marko Minnitining so‘zlariga ko‘ra, agar mamlakatda mafiya guruhlari butkul yo‘q qilinganda edi, Italiya butun dunyoda eng oldingi o‘ringa chiqib olgan bo‘lardi. Albatta, yalpi ichki mahsulotning salmoqli qismi sanalgan 90 milliard yevro jinoiy to‘dalar kissasiga emas, davlat g‘aznasiga tushsa edi, Italiyada so‘nggi paytlarda kuchayayotgan ishsizlik, pul qadrsizlanishi muammolari bu qadar jiddiy xavotirga sabab bo‘lmas edi. Lekin Confesercenti uyushmasi kabi tashkilotlar e’tirof etganidek, mamlakatda yashirin to‘dalar ta’siri hamon sezilarli. Bu esa taraqqiyot yo‘lini ko‘ndalang to‘sib turibdi.
Sobirjon Yoqubov
«Hurriyat»dan olindi.