Istanbulda “O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya” forumi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Turkiya Respublikasidagi vakilligi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ilk marta “O‘zbekiston yoshlari forumi – Turkiya” tadbirini tashkil etmoqda.

Forum 2021 yil 18 dekabr shanba kuni Istanbul shahridagi Yildiz texnika universiteti kongress markazida o‘tkaziladi.

Forum maqsadi yoshlarning g‘oya va takliflarini eshitish uchun maydon yaratish, zamon qahramonlarini kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilishdan iborat.

Tadbirda bir-biridan qiziqarli loyihalar, tanlovlar, aktsiyalar  va taqdimotlar o‘tkazilishi kutmoqda. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni izlab topish va kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida vazirlar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Forum doirasida Turkiya Respublikasidagi yoshlarning ilmiy va ijodiy ishlari taqdimotlari ham tashkillashtiriladi.

Forum 4 ta yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi:

Uchinchi Renesans (ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalish);
New media (OAVning yangi yo‘nalishi);
Kelajak liderlari (boshqaruv yo‘nalishi);
Yosh ijodkorlar (kitobxonlik va san’at).

Yo‘nalish g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi. Forumda qatnashish uchun quyidagi ariza shaklini to‘ldiring.