Lola mavsumi Istanbulga bahor kelganidan darak beradi. Har yili aprel oyida shaharning eng mashhur joylari rang-barang lolalarga burkanadi.
Sulton Ahmad maydonida akvakultura usulidan foydalangan holda keng maydonga “lola gilami” to‘qiladi. Go‘zal manzara mahalliy aholini ham, chet ellik mehmonlarni ham hayratga soladi. Xuddi shunday manzaralarni Istanbuldagi Emirgan bog‘i, Gulhane bog‘i, Yulduz bog‘i, So‘g‘anli botanika bog‘i, Beykoz bog‘i, Buyuk Chamlija bog‘i, Kichik Chamlija bog‘i, Fethipasha bog‘i va Hidiv Pavilon bog‘ida uchratish mumkin.
Manbalarga ko‘ra, lola Onado‘liga O‘rta Osiyoning Pomir tog‘i turklari tomonidan olib kelingan. Lola turk madaniyatining eng muhim timsollaridandir. U piyozsimon o‘simlik bo‘lib, XII asrdan beri hunarmandchilikda bezak naqshlari namunasi sifatida qo‘llana boshlagan. Bu go‘zal, betakror va rang-barang gullar Usmoniylar davrida she’rlar, farmonlar, hikoyalar va miniatyura rasmlarining asosiy motivi sifatida urfda bo‘lgan.
Lola naqshlari masjidlar, qabr toshlari va saroy bezaklarida, shuningdek, gilam hamda mato naqshlarida, kaftan va sep sandiqlari, hatto tangalar, jangovar dubulg‘alarda keng istifoda etilgan.
Lolalar asosan XVI asrda Usmoniylar imperiyasining poytaxti Istanbulda yetishtirilgan va butun shahar bo‘ylab manzarali gullar sifatida ekilgan. Lolalarga bo‘lgan ishtiyoq sulton Sulaymon hukmronligi davrida yanada kuchaygan bo‘lib, bu o‘simlikning turli navlari yaratilishiga olib keldi. Xususan, shahar ramzi bo‘lgan Istanbul lolasi o‘sha davrda paydo bo‘ldi. Sulton Ahmad III davrida lola ikki mingga yaqin navi bilan shuhrat qozondi. XVIII asrga hatto “Lola davri” deya nom berildi.
Lola navi ko‘payib borgani sari gul va ranglar turli ma’nolarga ega bo‘lib bordi. Qizil lolalar sevgini, oqi esa poklik va xokisorlikni ifodalagan. Binafsharang gullar olijanoblik va romantikani, sariq rang esa quvonchni bildiradi. Noyob qora lola pinhon, qo‘l yetmas degan ma’noni anglatsa, chiziqlisi betakror go‘zallikka ishora qiladi.
Turk madaniyatida muhim o‘rin tutgan bu ajoyib gul XV asrning ikkinchi yarmida Avstriyaning Vena shahriga, so‘ngra Niderlandiyaga olib borilgan va shu tariqa Yevropaga tanishtirilgan. Hollandiyada tezda shuhrat qozongan lolalar Kanada poytaxti Ottavaga ham olib borildi va dunyoga mashhur bo‘ldi.
Bugun ham Onado‘lida ko‘plab lola navlari yetishtirilmoqda. Eng hayratlanarlilari orasida “Yig‘layotgan kelin” deb ataladigan “engashgan lola” ham bor. Dunyo bo‘ylab boshi quyiga egilgan ushbu lolalarning 167 turi mavjud. Ulardan 20 tasi endemik bo‘lib, 43 turini Turkiyada uchratish mumkin.