Istanbul shahrida yangi ma’rifat maskani – Rami kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashdi.
Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi Rami kutubxonasi shaharning Ayyub Sulton mavzesida joylashgan bo‘lib, XVIII asrga oid harbiy kazarma o‘rnida ochildi. 2014-2023 yillarda davom etgan qurilish va qayta tiklash ishlaridan so‘ng Rami kutubxonasi Istanbuldagi eng katta kutubxonaga, Yevropaning o‘ziga xos xususiyatlariga ega sanoqli yetakchi kutubxonalaridan biriga aylandi.
Rami majmuasi 4200 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, u ko‘plab bo‘limlar, jumladan, bolalar kutubxonasi, raqamli kutubxona, yoshlar kutubxonasi, kattalar kutubxonasi va turli ixtisoslashtirilgan kutubxonalarga ega.
Zamonaviy kutubxona xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida majmuada 24 soatlik o‘quv zallari, bolalar bo‘limi, guruh va individual o‘quv zallari mavjud. Kutubxona 36 000 m² yopiq maydonda 2,5 million jildni o‘z ichiga olgan bisotga ega. 51 000 m² yashil maydon esa ushbu maskanni Yevropadagi “eng katta yopiq landshaft maydoniga ega kutubxona”ga aylantirgan. Ulkan yashil maydondan tashqari kutubxonada daraxtlar bilan o‘ralgan 1000 m² sun’iy hovuz ham mavjud.
Rami kutubxonasi Turkiyaning birinchi “Biosfera barqaror muzeyi sertifikati”ga ham ega. Ma’rifat maskani “tirik kutubxona” tushunchasi va zamonaviy kutubxonachilik kontseptsiyasi doirasida jamiyatning madaniy, ilmiy va badiiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda barpo etildi. Kutubxona barcha yoshdagi mehmonlarni o‘ziga jalb qiladi. Masalan, birgina bo‘limda Turkiya Respublikasi tarixi, turk tili va madaniyati, ayniqsa, Otaturk tarixiga oid asarlar bilan birga ijtimoiy va gumanitar fanlar sohasida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilar va kitobxonlarga xizmat ko‘rsatadigan 20 mingdan ortiq kitoblardan iborat boy to‘plam taqdim etilgan.
Kutubxona inventarida ro‘yxatga olingan qo‘lyozmalar va nodir bosma asarlar, qo‘lyozmalar kutubxonasi ichida joylashgan “Shifahane” (qayta tiklash bo‘limi)da saqlanadi. Jild va kitoblarning eskirganligi kutubxona laboratoriyasidagi tadqiqotlar orqali baholanib, qayta tiklash ishlari mutaxassislar tomonidan olib boriladi. “Shifahane”dagi asarlar tegishli sharoitda saqlanadi va muntazam ravishda nazorat qilinadi.
Madaniyat, tarix va san’at sohalarida Istanbulda “birinchi diqqatga sazovor joy” bo‘lishi kutilayotgan Rami kutubxonasi o‘quvchilar va tadqiqotchilarga millionlab kitoblar, ilmiy materiallar va raqamli manbalarni taqdim etadi. Kutubxonada yil davomida suhbatlar, seminarlar, mahorat darslari va ko‘rgazmalar ham o‘tkaziladi.
Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, Rami kazarmasi Usmoniylar sultoni Mustafo III (1757-1774) davrida vazir Rami Mehmet posho tomonidan qurilgan. Respublika davrida ham armiyaga xizmat qilgan kazarmalardan 1960 yillargacha faol foydalanilgan. Endilikda ushbu barak Turkiyaning eng asosiy kutubxonalaridan biriga aylantirildi.